Marg‘ilonda tumanlararo perinatal markaz ish boshladi
Marg‘ilon shahar tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limi negizida bir vaqtning o‘zida 150 nafar tug‘uruq yoshidagi ayollar uchun xizmat ko‘rsatadigan tumanlararo perinatal markazi foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida so‘z olgan Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Fayzullajon Qosimov ona va bola salomatligini ta’minlash masalasi davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etib, foydalanishga topshirilayotgan maskan ham bu borada muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.


Shundan so‘ng faollar ishtirokida ramziy tasma qirqilib, mehmonlar tug‘uruq kompleksida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Marg‘ilon tumanlararo perinatal markazi Marg‘ilon shahri, Toshloq, Qo‘shtepa, Rishton va Yozyovon tumanlaridagi yuqori malakali tibbiy xizmat olishga muhtoj homilador, ayollar va chaqaloqlarga perinatal tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Tug‘uruq kompleksini rekonstruksiya qilish, moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun jami 9,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Ushbu binoda 6 o‘rinli chaqaloqlar reanimatsiyasi bo‘limi ham joy oldi.


Prezidentimizning 2021 yil 29 iyulda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida viloyat hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil 1 yanvardan boshlab bosqichma-bosqich respublikada 46 ta tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining tug‘uruq bo‘limlari negizida tumanlararo perinatal markazlarini tashkil etish belgilangan.
Jumladan, viloyatda 3 ta – Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlari tug‘uruq komplekslari va Beshariq tumani tibbiyot birlashmasining tug‘uruq bo‘limi negizida tumanlararo perinatal markazlari tashkil etildi.

M.Sulaymonov, O‘zA