Mardlik va shijoat bellashuvi
“O‘zbekiston” sport majmuasida maxsus qismlarning xizmat burchini ado etish vaqtida vafot etgan xodimlari xotirasiga bag‘ishlangan qo‘l jangi bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi an’anaviy turnir bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekiston” sport majmuasida maxsus qismlarning xizmat burchini ado etish vaqtida vafot etgan xodimlari xotirasiga bag‘ishlangan qo‘l jangi bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi an’anaviy turnir bo‘lib o‘tdi.
El-yurt osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan mard va jasur o‘g‘lonlar xotirasi hamisha barhayot. Zero, vatanparvar, o‘z yurtiga sadoqatli insonlar bor ekan, mamlakatimiz mustaqilligi doimo mustahkam, osmonimiz musaffo va chegaralarimiz daxlsizdir. Mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatgan, o‘z harbiy xizmat burchini ado etish paytida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz nomlarini yodda tutish, ularning oila a’zolariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish – doimiy e’tiborda.
O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi va O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada 300 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Turnirning o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi bahslarida Islom Akbarov, Muzaffar Muzaffarov, Nurmuhammad Akbarov, Husniddin Sattorov, Ahror Otaxonov, Abbos Mengliyev, Bunyod Jivanov, Muhammad Begmatov, Aziz Erkinov, Oybek Jo‘raboyev, Murod Umirov, Shahboz Abdurahmonov, Shavkat Ubaydullayev, Ulug‘bek Nizomiddinov, Mironshoh Olimov va Ulug‘bek Abdullayev oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Umumjamoa hisobida Markaziy harbiy sport klubi vakillari birinchi, farg‘onalik qo‘l jangi ustalari ikkinchi va buxorolik sportchilar uchinchi o‘rinni egalladi.
Kattalar o‘rtasidagi bellashuvlarda Ilhom Do‘stov, Ravshan Abdulazizov, Temur Sultonov, Jahongir Jumayev, Odil Sirojiddinov, Bobur Rahmatov, A’zam Haydarov, Ilg‘or Asadov o‘z vazn toifasida raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmay, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Musobaqaning huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari o‘rtasidagi bahslarida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.