Mard va jasur o‘zbek o‘g‘loni hikoyasi
9 may – Xotira va qadrlash kuni
Biz bu hikoyani ko‘p bor eshitganmiz. Ota-onam o‘tganlarni xotirlaganda, keksalarni qadrlab ular holidan xabar olganda bizga hamisha bobomizning qahramonliklari, fidoyiligi, mehnatkash va bir so‘zli inson ekanini aytib berishgan.
Biz, bobomiz haqidagi yaxshi gaplarni eshitib, faxrlanganmiz. Bobom haqida men ham farzandlarimga shunday aytib beraman:
“Dunyo xalqlari boshiga mislsiz qirg‘inbarot va judoliklar solgan Ikkinchi jahon urushida jonini ayamagan, zabardast yurtdoshlarimiz safida Peshku tumanidagi “Qalaymirishkor” mahalla fuqarolar yig‘inining Denov qishlog‘ida tug‘ilgan Sharif Ergashev ham bor edi.
Otasi Ergash Satliqov hamda onasi Ro‘zigul Jo‘rayeva kolxozda oddiy ishchi-mehnatkash edi. Sharif Ergashev qishloqda o‘rta maktabni tugatgach, 1932 yildan 1941 yilga qadar kolxoz ishchisi, zvenovoy, brigadir bo‘lib ishlagan. 1941 yil iyun oyida Ikkinchi jahon urushi boshlagach, Sharif ham el farzandi sifatida Vatan mudofaasiga otlandi.

Bir necha oylik serjantlar maktabidagi o‘qish va malaka oshirishlardan so‘ng 1943 yil fevralidan boshlab navqiron yigit Rossiyaning Orlovskiy shahridagi markaziy front armiyasining 193-o‘qchi diviziyasi polkida vzvod komandiri vazifasida harbiy xizmat – jangga kirdi.
Sharif Ergashev dastlab Oryol shahri bo‘sag‘asidagi shiddatli janglarda ishtirok etib urushni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Shu yerdagi janglardan birida og‘ir yaralanib, davolanish uchun gospitalga yuborildi. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas jasur o‘zbek yigiti, to‘liq sog‘ayishni ham kutmay urushga, ya’ni o‘z polkiga qaytmoqchi ekanligini bildiradi. Rad javobini olgach esa gospitaldan qochadi. Frontga qaytayotgan askarlar orasida yashirinib, o‘z harbiy qismi tomon yo‘l oladi. Ammo bir necha kunlik yo‘l azobi, ochlik-tashnaliklardan keyin “Maxsus kuzatuv otryadi” qo‘liga tushadi. U frontdan qochgan “dezertir” sifatida hibsga olinib, qiynoqqa solinadi.
Ko‘p urinishlardan so‘ng Sharif o‘zi xizmat qilayotgan polkka yetib boradi. Lekin uni bu yerda shumxabar kutardi. Harbiy qism jangchilari dushmanning qattiq zarbasiga uchrab, batamom qirilib bitgandi. Baxtli tasodif tufayli polk komandiri omon qolgan edi. Uning ko‘magi bilan yangi kuchlar safiga borib qo‘shiladi. Sharif Ergashev xizmat qilayotgan harbiy qism 1943 yil 15 oktyabrida bosh qo‘mondonlik tomonidan Dnepr daryosini kechib o‘tish va narigi qirg‘oqda joylashgan qishloqdagi aholini qutqarish haqida buyruq oladi. Sharif Ergashev boshchiligidagi tezkor guruh jangchilari birinchilardan bo‘lib, daryoni kechib o‘ta boshlaydi. Daryoning o‘rtasiga borganlarida dushman ularni payqab qolib o‘qqa tutadi. O‘q yomg‘iri rezina qayiqlarni ilma teshik qiladi. Bir necha askar shu yerda jon beradi. Ortga chekingan diviziya askarlari qo‘lbola qayiqlar yasab, yarim tunda bir amallab daryodan kechib o‘tadi. Askarlar katta talafotlar evaziga dushman qarorgohini ishg‘ol etishga muvaffaq bo‘ladi.
Ular yong‘in ostida qolgan qishloqqa kirib borganlarida o‘q yomg‘iri askarlarni tutday to‘ka boshlaydi. Shunda Sharif Ergashev chap qo‘lidan yaralanganiga qaramay, dushman tomon dadil emaklaydi. Pistirmadagi dushmanni yakson qilib, fashistlardan bir nechtasini asir oladi. O‘zbek yigitining ana shu harakati tufayli katta bir qishloq ozod etiladi. Ammo murosasiz jangda Sharifning o‘zi ham bomba ostida qolib ketadi. Shinelini bir uchi tuproqdan tashqarida qolgan o‘g‘lonni undan orqada kelayotgan quroldoshi qutqarib qolgan. Uni Qozon shahridagi gospitalga jo‘natishgan.
Sharif gospitalda yetti kun behush yotib, nihoyat o‘ziga kelganida uni qutqarib qolgan quroldoshi ham bir oyog‘idan og‘ir yaralanib, gospitalga tushganini ko‘radi. Shu yerda ular Dnepr daryosi kechib o‘tilgan va rus qishlog‘i tozalangan qonli jangda mardonavor qatnashgan barcha jangchilarga “Sovet Ittifoqi qahramoni” unvoni berilganligi to‘g‘risidaga xabarni radiodan eshitadi. Bir necha oylik davolanishdan so‘ng Sharif Ergashev ona yurtiga qaytadi.
Mash’um urushdan keyingi tiklanish yillarida Sharif Ergashev o‘z ona yurtida, tuman ijroiya qo‘mitasida qator mas’uliyatli va rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. Bor kuch-g‘ayratini yurt taraqqiyotiga safarbar etdi. Harbiy bo‘lim boshlig‘i, keyinchalik “Qo‘ng‘irot” Qishloq sovet kengashiga qarashli “Voroshilov” nomli kolxozda raislik qildi. Samarqanddagi rahbar kadrlar tayyorlash maktabida o‘qib kelgach, Peshku tumanidagi 11-sonli MTSda bosh agronom, “Yangibozor” vino punkti, Romitan tumani o‘simliklarni himoya qilish bo‘limi boshlig‘i, shuningdek, “Yangibozor” qishloq sovet kengashi raisi lavozimlarida ishlab, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni a’lo darajada uddaladi.
Janggohlarda kechgan mashaqqatli yillar asorati Sharif Ergashevning sog‘ligiga ta’sirini o‘tkazmay qolmagandi. U 1978 yil 5 dekabr kuni 63 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.
Ammo biz, siz, farzandlarim yurt uchun jonini fido etgan ajdodimiz, bobomiz, o‘zbekning mard va jasur o‘g‘lonini hech qachon unutmaymiz. Bu hikoya avloddan-avlodga o‘tib boraveradi.”
Rustam Ergashev,
Peshku tumani hokimining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi, matbuot kotibi.
O‘zA