Mard o‘g‘lonlar Vatanga qasamyod qildi
Mudofaa vazirligining Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tashga chaqirilgan o‘g‘lonlarning tantanali Vatanga qasamyod qabul qilish marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.
Denov, Jarqo‘rg‘on va Termiz tumanlarida joylashgan harbiy qismlarda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimlarda harbiylar, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda karantin qoidalari kuchaytirilgani munosabati bilan tadbirda muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok eta olmagani uchun tantanali marosim ijtimoiy tarmoq orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilindi.
Tadbirda Mudofaa vazirining Vatan oldidagi yigitlik burchini o‘tashga qasamyod qilgan muddatli harbiy xizmatchilarga tabrigini Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i polkovnik Po‘latjon Sativaldiyev o‘qib eshittirgach, saf maydonida askarlar tantanali qasamyod qildi.

Milliy armiyamizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar asnosida muddatli harbiy xizmatga chaqiruv jarayonida ochiqlik taminlanib, eng bilimli, sog‘lom va jismonan baquvvat yoshlarning saralab olinayotgani ularning turli tanlov hamda musobaqalarda munosib o‘rin egallashida muhim omil bo‘lmoqda. Jumladan, Toshkent shahridan Xayrabod garnizoniga muddatli harbiy xizmatga kelgan Saidabbos G‘ofurov ham xizmatini boshlaganiga hali bir oy bo‘lmasdan Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi miqyosida harbiy qism va muassasalar o‘rtasida sportning suzish turi bo‘yicha Buxoro garnizonida o‘tkazilgan musobaqada faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Marosimda unga Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining I darajali diplomi va medali tantanali topshirildi.

– Bugun men uchun eng esda qolarli kun bo‘ldi, – deydi S.G‘afurov. – Ona vatanni ko‘z qorachig‘idek himoya qilishga ont ichib, qasamyod qabul qildim. Shuningdek, yaqinda Buxoro garnizonida o‘tkazilgan bellashuvda suvda suzish bo‘yicha g‘olib bo‘lgan edim. Ushbu tadbirda harbiy hayotimdagi ilk yutug‘im ham munosib rag‘batlantirildi. Bunday e’tibor meni sport bilan yanada ko‘proq shug‘ullanib, yutuqlarimni mustahkamlash hamda muddatli harbiy xizmatni sharaf bilan o‘tashga undadi. Tantanali marosimlarda muddatli harbiy xizmat burchini bajarishga kirishgan o‘g‘lonlarga sovg‘alar topshirildi. Harbiy orkestr va voha san’atkorlari ijrosida kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA