Mard, jasur va sadoqatli vatanparvarlarni tarbiyalash – maktabdan boshlanadi!
Vatan – muqaddas. Uning himoyasi esa sharafli burchdir. Hurlik, tinchlik va osudalik inson hayotidagi eng buyuk ne’mat. Chunki bu ne’matlar yurtni obod etib, dunyoga tanitishga, millatni yuzaga chiqarishga zamin yaratadi. Buning zamirida esa kechayu kunduz Vatan himoyasida – elimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi uchun qalqon bo‘lib turgan olovqalb o‘g‘lonlarimizning zahmatli xizmati mujassam. Shuning uchun ham o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatanga bo‘lgan muhabbat ruhida tarbiyalash muhim vazifa bo‘lib kelmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va “26 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni” hamda Milliy bojxona tizimining 30 yillik bayramini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga bag‘ishlangan vatanparvarlik oyligi doirasida “Mard, jasur va sadoqatli vatanparvarlarni tarbiyalash – maktabdan boshlanadi!” mavzusida ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.

O‘zbekicton Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona institutida bo‘lib o‘tgan tadbirda Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan 84 va 254-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida o‘quvchilar Bojxona instituti markaziy binosi majlislar zalida kutib olindi va institut faoliyati, o‘quv jarayonini tashkil etish, mutaxassislik yo‘nalishlari to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Bundan tashqari, o‘qotar qurollarni tuzilishi va jangovar imkoniyatlari, tankka va piyodalarga qarshi minalar xususiyatlari, o‘qotar qurollarning qismlarga ajratish mashqlari, kursantlar tomonidan ko‘rgazmali qo‘l jangi va karabinchilar chiqishlari, Bojxona instituti faoliyati aks etgan film namoyish etildi.

– Bugun sinfdoshlarimiz bilan birgalikda Bojxona institutiga keldik. Bu yerda bizga qiziq bo‘lgan narsalarga, mashg‘ulot jarayonlariga guvoh bo‘ldik. Ayniqsa, bizga sport zalda o‘qotar qurollarning tuzilishi va jangovar imkoniyatlari, tankka va piyodalarga qarshi minalar xususiyatlari to‘g‘risidagi ko‘rgazmalar juda yoqdi. Shuningdek, AK-74 avtomati va 9 mmli PM to‘pponchasini qismlarga bo‘lish va yig‘ish jarayoni to‘g‘risida ham ma’lumot berishdi, – deydi 254 - maktabning 11-sinf o‘quvchisi Abdullo Zafarov.
Bu kabi tadbirlarning tashkil etilishi yoshlarni milliy g‘oya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirish, mamlakat taraqqiyoti uchun daxldorlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti faoliyati bilan tanishishlariga xizmat qiladi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA