Mard, jasur bojxonachi xotirlandi
“Xotira aziz- jasorat mangu”
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi va Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi Sherobod tumanining Poshxurt qishlog‘idagi 33-maktabda marhum bojxona xodimi Botir Davlatov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Unda bojxona xodimlari, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi rahbariyati, Botir Davlatovning oila a’zolari, maktab jamoasi, mahalla faollari va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Hayot bo‘lganida bu yil 54 yoshini nishonlaydigan Vatanga sodiq bojxonachi o‘qituvchi Mamatqul Davlatov oilasidagi o‘n farzandning oltinchisi edi. Bolalikdan o‘tkir zehni, atrofidagilarga mehribonligi va ziyrakligi bilan boshqa tengdoshlaridan ajralib turar edi.
Botir 1988-1990 yillarda Qurolli kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tab qaytgach, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Vatanning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga bel bog‘ladi. Bojxona xodimi, degan sharafli kasbni tanladi. 31 yil muqaddam bojxona tizimidagi xizmat faoliyatini Tojikiston Respublikasi bilan chegara hududda o‘sha davrdagi “Oqtosh” bojxona postida kichik inspektor lavozimida boshladi. Bir yil o‘tgach, Botir va uning qishloqdoshi Gulbahor turmush qurdi. Oilada qiz farzand dunyoga keldi.

Botir xizmatdan bo‘sh vaqtlarida ota-onasi va yaqinlaridan tez-tez xabar olishni kanda qilmadi. Uka-singillariga qimmatli maslahatlar berib, ularni qo‘llab-quvvatladi. Har taraflama dalda bo‘ldi.
Taqdirning bitigini qarangki, u o‘z sevgan kasbida uzoq ishlamadi. Suyukli oila davrasida aziz mehmon ekanini ota-onasi ham, aka-ukayu, opa-singillari, turmush o‘rtog‘i ham ilg‘amadi. Serg‘ayrat, mehri daryo o‘g‘londan ularning umidlari katta, Botirning ham orzulari bir olam edi.

Botir Davlatov sohada ishlagan qisqa yillarda viloyatning qator bojxona maskanlarida xizmat burchini sharaf bilan ado etdi. Afsuski, bojxonachi kasbini ulug‘layotganiga besh yil bo‘lganida ilk xizmat vazifasini boshlagan “Oqtosh” bojxona maskaniga jinoyatchilar uyushtirgan hujumda halok bo‘ldi.
Vafotidan so‘ng marhum bojxona xodimi Prezidentimizning 1998 yil 27 avgustdagi farmoniga asosan harbiy burchini bajarish chog‘ida jasurlik va matonat ko‘rsatgani uchun “Jasorat” medali bilan mukofotlandi. Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 10 yil” esdalik nishoni hamda “O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga 25 yil” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Mard, jasur o‘g‘lon o‘zidan o‘chmas iz qoldirib ketdi. Uning xotirasi abadiylashtirildi. Sherobod tumanidagi ko‘chalarning biriga Botir Davlatov nomi berildi. O‘zi ta’lim-tarbiya olgan maktabga byusti o‘rnatildi.
Ayni paytda Botir Davlatovning qizi – Sabogul ota kasbini egallab, viloyat bojxona boshqarmasida xizmat qilmoqda.

Tadbirda Botir Davlatovning o‘chmas xotirasi yod etilib, uning barchaga ibrat bo‘ladigan yuksak fazilatlari eslandi. Ustoz va sinfdoshlari o‘quvchilik yillarini, a’lo baholarga o‘qib, namunali xulqi bilan barchaga o‘rnak bo‘lganiyu, ayniqsa, musiqa faniga qiziqishlarini yod etdi. Bog‘dorchilik va chorvachilikka, anvoyi gullar parvarishiga mehr qo‘ygani havas bilan xotirlandi. Mahalla ahli ajoyib xislatlarga boy, qalbi jasorat va sadoqatga to‘la farzand bilan hamqishloq bo‘lganlaridan faxrlanishini qayd etdi.

Maktab o‘quvchilarining vatanparvarlik ruhidagi sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Ona Vatan, matonat va sadoqat madh etilgan she’rlar o‘qildi. O‘quvchilar o‘rtasida Botir Davlatov xotirasiga bag‘ishlangan shaxmat musobaqasi o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir doirasida bojxona xodimlari Botir Davlatov xonadonida bo‘lib, oila a’zolari holidan xabar oldi. Ishtirokchilar mard, jasur bojxonachi Botir Davlatov xotirasiga bag‘ishlab maktab hovlisiga o‘rnatilgan byustga gulchambarlar qo‘ydi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri