Maqsad tadbirkorlikni rivojlantirish
Bojxona organlari xodimlari tadbirkorlik sub’ektlarining muammolarini o‘rganish va ularga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida sayyor uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Navbatdagi uchrashuv Buxoro viloyati Olot tumanidagi “Merganteks” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. Bojxona xodimlari korxonaning yangi binosi va 12 milliard so‘mdan ortiq bojxona imtiyozlari qo‘llanilgan holda olib kelingan ishlab chiqarish texnikalari bilan tanishdi.
Mazkur korxona o‘z faoliyatini 2005 yilda o‘n nafar ishchi o‘rni yaratish bilan boshlagan bo‘lsa, bugunga kelib mingdan ortiq ishchi o‘rniga ega. Ayni damda korxonaga 25 million dollarlik investitsiya jalb etilgan. 2023 yilning may oyiga qadar eksport salmog‘ini 20 million dollardan oshirish maqsad qilingan.

Viloyat bojxona boshqarmasi xodimlarining navbatdagi uchrashuvi Qorako‘l tumanidagi eksport va import faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Kumush kalava tekstil” MCHJ mutasaddilari bilan bo‘ldi.
Korxona asosan, ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona joriy yilning o‘tgan davrida 5.1 million AQSH dollari qiymatidagi mahsulotlar eksportini amalga oshirgan.

Uchrashuv yakunida bojxona xodimlari korxona rahbarlarini sohada tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan yangiliklar bilan tanishtirdi.
Zarif Komilov, O‘zA