Maqsad – noyob hayvonlarni saqlab qolish
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i hududida o‘tkazilayotgan biotexnik tadbirlardan ko‘zlangan maqsad yovvoyi hayvonlarni qish sovug‘idan betalafot olib chiqishdir. Mazkur jarayonlar haqida Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i mutaxassisi Akbar Rustamov quyidagilarni ma’lum qildi.
– Qish faslida yovvoyi hayvonlar va qushlar ozuqa topishga qiynaladi. Bunday paytlarda ularning yashab qolishi va ko‘payishi uchun xavf yanada ortadi. Tog‘ oldi joylardagi o‘simliklar qor ostida qolgani sababli hayvonlarning oziqlanishi uchun sharoit kamayadi. Shularni hisobga olib hayvonlar ozuqlanadigan nuqtalar aniqlanadi va zarur yem-hashaklar tarqatib chiqiladi.


Shunday tadbirlardan biri Milliy tabiat bog‘i hududidagi Beldirsoy ov xo‘jaligining “Suranota”, “Oqsoq ota soy”, Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligining Sargardon bo‘limi “Qayinsoy” va “Arpapoya” hududlarida o‘tkazildi. Unda katta xarsang toshlar orasi va tag qismidagi quruq joylarga, daraxtlarning atroflariga jami 800 kilogramm arpa va 950 kilogramm pichan mahsulotlari tarqatildi.


Aslida bu yerda muhofaza qilinadigan hayvonlardan 24 turi O‘zbekiston Respublikasi “Qizil Kitobi”ga, 10 turi Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi Qizil ruyxatiga kiritilgan. Ular orasida oq tirnoqli Tyan-Shan ayig‘i, ko‘k (Menzbir) sug‘ur, silovsin, qor qoploni (ilvirs) kabilar bor. Shu bilan birga, qushlarning 27 turi o‘troq, 68 turi in quradigan, 15 turi qishlaydigan. Shuningdek, 18 turi esa, vaqtinchalik uchib o‘tadigan qushlardir.
Mazkur sa’y-harakatlar kelgusida hayvonot olamini son jihatdan ortishi va yashab qolishiga xizmat qiladi.
A.Musayev,O‘zA.