Maqsad – hamkorlikni yanada kengaytirish
Tojikiston Respublikasi Sug‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda boshchiligidagi delegatsiya vakillari Toshkent viloyati Bekobod shahar “Oybek” chegara postida kutib olindi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston va Tojikiston davlatlari hududlari o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy, savdo masalalarida hamkorlikni yanada kengaytirishdir.
Mehmonlarning ilk manzili O‘rta Chirchiq tumanidagi “MADONIZ DIAMOND” xususiy urug‘chilik korxonasida bo‘ldi.

Ularga Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev hamrohlik qildi. Bu yerda ularga urug‘lik chigit tayyorlash loyihasi tanishtirildi. Korxonada yetishtirilayotgan urug‘lik paxta, bug‘doy va dukkakli ekin navlarini ko‘paytirish, shuningdek, noyob turdagi daraxt ko‘chat turlari haqidagi ma’lumotlar ham mehmonlarga taqdim etildi. Kelgusida qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro hamkorlik yuzasidan kelishib olindi.
Tojikiston delegatsiyasi Zangiota tumanidagi “Grand pharm hub” logistika markazida ham bo‘lib, yaqin istiqbolda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida dastlabki muzokaralarni o‘tkazdi.

Muloqotlarda ikki davlat rahbarlarining pragmatik, do‘stona siyosati natijasida ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida imkoniyat tug‘ilgani ta’kidlandi. Delegatsiya a’zolari kunning ikkinchi yarmida Zangiota tumani ishbilarmon doiralar vakillari bilan muzokara o‘tkazdi.


Jumladan, Singapur bilan hamkorlikda tashkil qilingan ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi “TRT” korxonasi faoliyati ham o‘rganildi. Mazkur korxonada yengil va yuk tashuvchi avtomobillarni yurish, transmissiya va boshqaruv tizimlari uchun 1 mingdan ortiq turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi. Shu yerning o‘zida texnik tekshiruv va sinovlarni o‘tkazish uchun laboratoriya ham tashkil qilingan. Shuningdek, umumiy qiymati 10 million dollar bo‘lgan “Mos pekar” MCHJ qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati ham ko‘zdan kechirildi va bu mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Hozirda, zamonaviy texnologiyalar joriy qilish orqali aholiga sutkasiga 55-60 tonna toza, sifatli qandolat mahsulotlari yetkazilmoqda. Korxonada 150 dan ziyod ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, yillik eksport (Rossiya) hajmi 5-6 million dollarga yetkazish reja qilingan.
Delegatsiya vakillarining tashrifi davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA