Maqsad aniq, rejalar belgilab olingan
Buxoro viloyati Romitan tuman aholisi 270 tonna “kumush tola” yetishtirishni maqsad qilgan. Ayni paytda fermer xo‘jaliklari va oilaviy kasanachilar tomonidan ipak qurti parvarishi qizg‘in pallaga kirgan.
– Hozirgi kunda tumanda sanoat uchun qimmatbaho xomashyo yetishtirish uchun jami 331 gektar tutzor parvarishlanayotgan bo‘lib, pillakor oilaviy zvenolariga taqsimlangan. Buyurtmachi sifatida hududda “Romstar” qo‘shma korxonasi balansiga o‘tkazilgan tutzorlarni kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda. Hozirda bu borada 240 gektar yer maydoni rekonstruksiya qilinib, 1 million 200 ming tup tut ko‘chati parvarishiga kirishilgan, – deydi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Romstar” qo‘shma korxonasi rahbari Qo‘shshi Kattayev.

Pilla mavsumi puxta tayyorgarlik bilan boshlangan kundan tumandagi 9 ta hududda ipak qurti urug‘larini jonlantirish uchun 6 ta inkubatoriyda ishchi-mutaxassislar kuchidan foydalanildi. Yilning ilk hosili uchun harakatni boshlab yuborgan fermer xo‘jaligi va oilaviy zvenolar mehnati samarali bo‘lishi uchun tizimli ravishda rag‘batlantirilmoqda. Qolaversa, shu kunlarda ipakchilik korxonasi tomonidan kasanachilar uchun har bir xonadonga sun’iy dastalar tarqatilmoqda.

Attaron mahallasida yashovchi tajribali pillakor Qumri Rajabova xonadoni ham joriy mavsumda 2 quti ipak qurti parvarishlab, 140 kilogramm “kumush tola” yetishtirishni maqsad qilgan. Oila a’zolari 12 million so‘m atrofida daromad qilishni ko‘zlagan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.