Maqsad aniq: muammolarga yechim izlanmoqda
“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida – Forishning “O‘xum” hamda “Uchma” mahalla fuqarolar yig‘inlarida tuman hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Hakim To‘ychiyev sayyor qabul o‘tkazdi.
Xalq orasiga kirib borish, ular bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning dard-tashvishlarini tinglash, fuqarolarning yaxshi yashashlari uchun barcha qulayliklarni yaratish, band bo‘lmagan aholini ish bilan ta’minlash maqsadida ishlar “mahallabay” tashkil etilib, sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tumandagi Xalq qabulxonasi mas’ullari, mahallalarga biriktirilgan hokim yordamchilari, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, bir qator mutasaddi tashkilot, korxona va muassasalarning rahbarlari ishtirok etdi.

Qabul davomida aholi tomonidan suyultirilgan gaz bilan ta’minlash, elektr energiyasi ta’minotidagi muammolarni bartaraf etish, davolanish va kontrakt to‘lovlarini to‘lashda yordam ko‘rsatish, ichki yo‘llarni ta’mirlash nafaqa tayinlash, bankdan kredit mablag‘lari olishdagi to‘siqlar va boshqa shu kabi masalalar bo‘yicha murojaatlar ko‘tarildi.

Insonlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun o‘tkazilayotgan sayyor qabullardan maqsad, muammolarga yechim topishdir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA