Maqsad aholiga qulaylik yaratish
Buxoroda Shofirkon — Buxoro shahri va Buxoro shahri — Shofirkon yo‘nalishida mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
“King long euro plus” rusumli zamonaviy ko‘rinishdagi, barcha qulayliklarga ega transport vositasi Xitoy davlatidan keltirilgan bo‘lib, bir paytda 15 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.
Mikroavtobuslarni haydovchilarga topshirish marosimida tuman hokimi Alisher Fayzilloyev va tuman sektor rahbarlari qatnashdi. Ushbu mikroavtobuslar “Oq yo‘l plus” MCHJ rahbari G‘ayrat Hamroyev tashabbusi bilan olib kelindi. Reja qilingan 15 donadan 6 tasi shofirkonliklarning uzog‘ini yaqin qilish uchun foydalanishga topshirildi.

G‘.Hamroyevning aytishicha, hademay yana 9 ta xuddi shunday mikroavtobuslar keltiriladi. Tadbirkorning ma’lum qilishicha, mikroavtobuslar 276 ming dollarga baholangan bo‘lib, shundan 86 ming dollari uning o‘z mablag‘i, qolgani esa lizing kredit asosida qoplanadi. Shinam, yo‘lovchilar uchun zarur qulaylikka ega mikroavtobuslar aholining to‘lov qobiliyatini inobatga olgan holda xizmat ko‘rsatadi.

–Yo‘lovchilarning fikri hamda sarf-xarajatlar inobatga olinib, Shofirkon — Buxoro shahri yo‘nalishida qatnovchi ushbu mikroavtobus yo‘lovchilaridan 6 ming so‘mdan kira haqqi olinadi, – deydi MCHJ rahbari G‘ayrat Hamroyev. – O‘ylaymanki, xizmatlarimiz aholiga ma’qul bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA