Maqsad – aholi farovonligini oshirish
Muloqot doirasida Sergeli tumanida faoliyat yuritayotgan ishbilarmon xotin-qizlarning mahsulotlar koʻrgazmasi ham tashkil etildi
Sergeli tumani hokimligida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qoʻmitasi “Ayollar qanoti” va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini xotin-qizlarga tushuntirish va unda belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan amaliy muloqot tashkil etildi.
Tadbirda partiya rahbari A.Haitov Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasi tom maʼnoda mamlakatimizni yana-da yuksaltirish, taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgani, unda taʼlim-tarbiyani zamon talablari darajasiga koʻtarish zaruratidan aholi turmush darajasini yuksaltirishgacha aniq vazifalar belgilanganini taʼkidladi.
Murojaatnomada barcha sohalar qatori ijtimoiy sohani yana-da rivojlantirish, xususan, xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berish, hududlardagi ijtimoiy muammolarni hal etishga, ayniqsa, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilishi borasida aniq vazifalar belgilab berildi.
Taʼkidlanganidek, yurtimizda kam taʼminlangan, yetarli daromad manbaiga ega boʻlmagan aholi qatlamlari ham mavjud boʻlib, ularning daromadlarini oshirishda aholi oʻrtasida zamonaviy ishbilarmonlik va biznes koʻnikmalarini shakllantirish orqaligina yuksak maqsadlarga erishish mumkin.
Shularni hisobga olgan holda joriy yilda hududlardagi ijtimoiy muammolarni hal etishga, ayniqsa, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi, mikromoliya xizmatlari va moliyaviy resurslarga, davlat xaridlariga keng yoʻl ochib beriladi. Bunday choralar orqali odamlarimizda tadbirkor boʻlishga ishtiyoq va ishonch ortadi, ular koʻproq daromad olishga intiladigan boʻladi.
Shuningdek, mehnat bozorida teng raqobatlasha olmaydigan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz fuqarolar bilan tizimli ish olib borib, ularni kasbga qayta tayyorlash orqali munosib ish joyi bilan taʼminlash koʻzda tutilmoqda. Ushbu maqsadlar uchun 700 million dollar jalb qilinadigan boʻldi. Bundan tashqari 5,5 ming xotin-qizning kichik biznes yoʻnalishidagi loyihalariga 100 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratiladi, 1 ming 576 xotin-qizga yangi uy-joyga ega boʻlishi uchun byudjet hisobidan boshlangʻich badal toʻlab beriladi. Bu esa mamlakatimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor namunasidir.
Tadbirda Murojaatnomada belgilab berilgan bu kabi vazifalar ijrosini taʼminlash partiya “Ayollar qanoti” oldiga ham katta masʼuliyat yuklashi alohida taʼkidlab oʻtildi. Partiya xotin-qizlarni, uyda oʻtirgan ayollarni, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashiga yaqindan koʻmaklashish, imtiyozlar berish va shu orqali yangi ish oʻrinlarini yaratishni maqsad qilgan.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizni Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa oʻquv kurslarida oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi. Bu saʼy-harakatlarni amalga oshirishda partiya tajribali tadbirkorlar, ishbilarmonlar, fermerlar yordamiga tayangan holda amalga oshiradi.
Ochiq muloqotda partiya va uning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi Murojaatnomada qayd etilgan ijtimoiy tadbirkorlik asoslari va uni ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida tegishli qonun loyihasini ishlab chiqishda faollik koʻrsatishi, ushbu qonun loyihasini aholi keng qatlamlari orasida muhokama qilgan holda aniq takliflar olish lozimligi taʼkidlandi.
Tadbirda ishtirok etgan tadbirkorlar, ishbilarmonlar, aholi vakillari deputatlar bilan muloqotda boʻlib, tadbirkorlik faoliyatiga oid qator takliflari, fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.
Muloqot doirasida Sergeli tumanida faoliyat yuritayotgan ishbilarmon xotin-qizlarning mahsulotlar koʻrgazmasi ham tashkil etildi. Tadbirkorlar tomonidan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi tashkil etilib, tumandagi ishsiz xotin-qizlarning 30 nafari oʻzlari qiziqqan yoʻnalishlar boʻyicha ishga joylashdi.