Maqom san’ati rivoji yo‘lida (+video)
Maqom. Sharq musiqashunosligida ushbu yo‘nalishga alohida urg‘u berilib, asrlar mobaynida musiqiy jozibadorligi va ijroviy xususiyatlari bilan san’atning bu turi xalqimiz orasida e’zozlanib kelingan.
Hozirgi kunda shakllangan maqomlar o‘z salmog‘i va mazmuni bilan Sharq xalqlari milliy musiqiy merosining asosiy kismini tashkil etadi. Ular shaklan va usluban rang-barang, ohangdor kuy va ashula yo‘llaridan iboratdir. Xususan, o‘zbek mumtoz musiqasida Buxoro Shashmaqomi, Xorazm, Farg‘ona, Toshkent maqom yo‘llari, shuningdek, yovvoyi maqom, surnay, dutor yo‘llari yuzaga kelgan. Ba’zi asarlar o‘tmish bastakorlik ijodiyotining mumtoz mahsuli bo‘lib, asrlar davomida og‘zaki an’anada sayqal topib, bizgacha yetib kelgan.
Ayni vaqtda milliy o‘zlikni anglash, madaniyatni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida tarbiyalash, ularning estetik didi va tafakkurini yuksaltirishda maqom san’atining keng imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi «O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, unga asosan maqom maktabini qayta tiklash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.
Mazkur qarorga ko‘ra, 2018 yildan boshlab har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish belgilangan bo‘lib, uning navbatdagisi joriy yilning 27-30 iyun kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi so‘lim maskanlarida tashkil etish rejalashtirilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BGVgMr192V8" title="Maqom sanʼati rivoji yoʻlida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Asliddin Alijonov, Ulug‘bek To‘xtayev ( video),O‘zA