Maqom o‘zbek milliy san’atini dunyoga yoymoqda
Joriy yilning 23-26-iyun kunlari Namangan viloyati dunyo miqyosidagi yana bir nufuzli tadbirga mezbonlik qiladi. Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” xiyobonida uchinchi xalqaro maqom san’ati festivali bo‘lib o‘tadi.
Mamlakatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan, mazkur xalqaro maqom san’ati anjumaniga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, maqom san’atini yanada rivojlantirish hamda keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, gullar shahrida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamda O‘zbek milliy maqom san’ati markazi hamkorligida uchinchi xalqaro maqom san’ati anjumani doirasida respublika ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Namangan viloyat musiqali drama teatrida o‘tkazilgan mazkur tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahridan saralab olingan iste’dodli maqomi ijrochilari ishtirok etdilar.

Ta’kidlash joizki, mazkur ko‘rik xalqaro festival oldidan o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘tashi bilan bir qatorda maqom san’atining boy an’analarini asrab-avaylash, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda milliy maqom ijrochiligi maktablarini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Ishtirokchilar tanlovning “Eng yaxshi maqom ansambli”, “Eng yaxshi yakka xonanda”, “Eng yaxshi yakkaxon cholg‘u ijrochisi” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z iste’dodi va mahoratini sinab ko‘rdi.
Tanlov jarayonida maqom ansambli yo‘nalishidagi sozandalar saqillar, Shahnozi Gulyor, segoh, miskin, qalandarlar va Farg‘ona–Toshkent maqom yo‘llaridan; maqom ansambli yo‘nalishidagi xonandalar shashmaqom tarkibidagi savt, mo‘g‘ulcha, talqini segoh va Navro‘zi sabo asarlaridan; yakkaxon ijrochilar shashmaqomdan savt, mo‘g‘ulcha, talqini segoh va Navro‘zi sabo asarlaridan; yakkaxon sozandalar saqillar, Shahnozi Gulyor, segoh, miskin, qalandarlar va Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llaridan birini turkum ko‘rinishida ijro etishdi.

Har bir chiqish nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan ijro mahorati, parda sofligi, usul barqarorligi, matn talaffuzining aniqligi, milliy liboslar uyg‘unligi, sahna madaniyati hamda soz va ovoz barqarorligi mezonlari asosida baholandi.
Tanlovning shaffofligi va xolisligini ta’minlash maqsadida hakamlar hay’ati tarkibiga O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, professor, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli badiiy rahbari Abduhoshim Ismoilov, O‘zbekiston xalq hofizi, professor, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi bo‘lim boshlig‘i Isroiljon Vahobov, O‘zbekiston xalq hofizi, professor Beknazar Do‘stmurodov, O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti, professor Matluba Dadaboyeva va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, professor Komila Bo‘riyeva kiritildi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, “Eng yaxshi yakkaxon xonanda” yo‘nalishi bo‘yicha Namangan viloyatidan Orifjon Ergashev, xorazmlik Sirojiddin Omonov va Bayram Yakubov (jo‘ravoz), Toshkent shahridan Nafisa Farmonova faxrli birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldilar. "Eng yaxshi yakkaxon cholg‘u ijrochisi" yo‘nalishida farg‘onalik Nodir Mamasodiqov, poytaxtlik Marjona Tosheva, andijonlik Nuriddin Samandarov eng yuqori natijani qayd etishdi. "Eng yaxshi maqom ansambli” yo‘nalishi bo‘yicha Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati instituti magistrlari ansambli, O‘zbekiston davlat simfonik orkestri milliy sozandalari ansambli, “Maqom band” sozandalar ansambli g‘oliblikka munosib ko‘rildi.


– Bizning buyuk millatimiz o‘zining boy ma’naviy merosi, ulug‘ qadriyatlari, o‘ziga xos milliy musiqa san’ati bilan yetti iqlimga dovruq qozongan. Bu ezgu an’analarni kelajak avlodlar ham munosib davom ettirishini ta’minlash maqsadida uchinchi marotaba jahon darajasida o‘tkazilajak xalqaro maqom festivali oldidan Namanganda tashkil etilgan respublika maqomchilar tanlovi 65-xalqaro gullar festivali tadbirlariga hamohang tarzda ko‘tarinki ruhda o‘tganidan xursandmiz, – deydi O‘zbekiston xalq hofizi Isroiljon Vahobov. – Tanlov jarayonida vodiy viloyatlari, voha hududlari maqomchilikda o‘ziga xos ijrochilik maktablariga ega ekanligiga amin bo‘ldik. Oltmishdan ziyod ishtirokchilar orasida g‘oliblarni aniqlash oson kechmadi. Go‘zal ovozi, betakror mahorati, noyob iste’dodi orqali o‘zini ko‘z-ko‘z qilgan yoshlarimiz xalqaro anjumanda ham O‘zbekiston shuhratini yanada yuksaltirishlariga ishonchimiz komil. Shu ma’noda, bu tanlov milliy maqom san’atining betakror an’analarini asrab-avaylash, uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, yosh avlod qalbida milliy musiqiy merosga hurmat va muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlash hamda yangi iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi.

Ko‘rik-tanlov g‘oliblari uchinchi xalqaro maqom san’ati anjumanida Vatanimiz sharafini himoya qilishadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri