Mangulikka daxldor umr
Insoniyatning o‘zgarmas bir qoidasi bor. Bu balki hayot qonunidir. Ya’ni, kimnidir yo‘qotmaguncha uning o‘rnini haqiqiy his etolmaymiz. Ayniqsa, bir sohaga butun umrini fido etgan qahramonlar borki, ular bu dunyoni tark etgach, fan ustunidan ayrilgan imoratga o‘xshab qoladi. O‘zbekiston Qahramoni, yirik adabiyotshunos olim va mohir tarjimon Ibrohim G‘afurov ham ana shunday ustunlardan edi.
Uning o‘zbek adabiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi millat qahramonlariga xos edi. Olimning yutug‘i shu ediki, ilmiy asarlarida ham o‘z tabiatiga xos halimlik, ulkan badiiy mahorat va keng ilmiy idrok namoyon edi.
“O‘zbek adabiyoti haqida tasavvur hosil qilish lozim bo‘lsa, Ibrohimjondan so‘rash kerak”, degan edi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov.
Uning "Go‘zallikning olmos qirralari" (1964), "Unutilmagan bog‘" (1965), "Joziba" (1970), "Yonar so‘z" (1973), "Yam-yashil daraxt" (1976), "Yurak-alanga" (1980), "Lirikaning yuragi" (1982), "She’riyat - izlanish demak" (1984), "O‘ttiz yil izhori" (1987), "Dil erkinligi" (1998) singari adabiy-tanqidiy, badia kitoblari mavjud. U "Darvoza", "Humo qushim", "Qaldirg‘ochim" kabi she’riy nasrlar yoxud mansuralari bilan ham e’tibor qozondi.
Uning adabiyotimizga qo‘shgan yana bir buyuk hissasi borki, ta’kidlamay ilojimiz yo‘q. O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva olimning turmush o‘rtog‘i edi. Ibrohim G‘afurov o‘z fidoyiligi va olijanobligi bilan ana shunday dilbar shoirani turmush tashvishlaridan ortib munosib ijod qilishga sharoit yaratib bergan katta shaxs edi.
Shunday umrlar borki, qanchalik uzoq bo‘lmasin tugaganda kishi o‘ksib-o‘ksib qoladi. Ibrohim G‘afurov ham salkam 90 yil yashagan bo‘lsa-da, uning vafoti adabiyot ixlosmandlarini, shogirdlarini larzaga soldi. Adabiyotga bo‘lgan e’tibor natijasi o‘laroq, davlatimiz rahbari ham olim vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi. Bularning barchasi tinimsiz mehnat va mashaqqat bilan qozonilgan hurmatning mevasi desak, yanglishmaymiz. Endi olim ijodiy merosini munosib o‘rganish va amaliyotga tatbiq qilish oldimizda turgan muhim vazifa. Shundagina qulagan ustun o‘rniga yana shunday yirik ustunlar shakllantira olamiz. Zotan, mamlakatimiz rahbari ilgari surayotgan Uchinchi Renessans qurish maqsadi ham ayni shunday g‘oyalarni o‘z ichiga oladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA