Ma’naviyatni yuksaltirish yo‘lida
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan tashkil etilgan OTT platformasi bugungi kunda samarali faoliyat olib bormoqda.
OTT platforma texnologiyasi - turli aloqa operatorlari va provayderlarning ma’lumotlarini uzatish tarmoqlari orqali foydalanuvchi qurilmasida videokontentni yetkazib berish texnologiyasi jadal rivojlanmoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, tashkil etilganiga atigi 2 oy bo‘lgan bo‘lsa-da, mazkur platformadagi telekanal va dasturlarni nainki yurtimiz ahli, balki dunyoning 100 dan ortiq davlatidan milliondan ziyod tomoshabin doimiy kuzatib bormoqda. Tomoshabinlarning 90 foizi yurtdoshlarimiz, 10 foizi esa xorijiy mamlakatlar fuqarolari. Ularning asosiy qismi esa yosh avlod vakillaridir.
Yoshlar har bir davlatning kelajagini, salohiyatini belgilovchi muhim ijtimoiy qatlamdir. Har bir jamiyatning taqdiri va istiqboli unda yashayotgan yoshlarning ma’naviyati va tafakkur darajasi bilan belgilanadi. Shu ma’noda, yoshlarimiz buyuk o‘tmishimiz va bugungi taraqqiyotimiz mezonlarini chuqur o‘rganishi lozimligi o‘z-o‘zidan oydinlashadi.
MTRK arxiv fondida diniy ilmiy ekspertizadan o‘tgan, turli talqinga asos bermaydigan darajada ishonchli ma’lumotlarga tayanlangan diniy-tasavvufiy, ilmiy-ma’rifiy, islomshunoslik va tarix, ajdodlar merosi kabi turkum teledasturlar, allomalar haqida hujjatli filmlar, ulamo va imom-xatiblarimizning ma’rifiy suhbatlari, hadisu rivoyatlar asosida tayyorlangan maxsus filmlar, telenovella va ijtimoiy teleroliklarning salmoqli bazasi mavjud. Shu ma’noda, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining OTT platformasida yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, ularni sog‘lom e’tiqod va milliy qadriyatlarga sodiqlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlik ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, madaniy-ma’rifiy, diniy bilimlarni oshirishga qaratilgani "Hidoyat sari" ilmiy-ma’rifiy virtual (onlayn) telekanalini tashkil etish maqsadga muvofiq.
Teledasturlarni internet orqali kuzatib borish imkonini beruvchi, tunu kun ishlaydigan "Hidoyat sari" Ilmiy-ma’rifiy virtual (onlayn) telekanalda O‘zbekiston MTRK tizimida ishlab chiqilgan va o‘rnatilgan tartibda tegishli ilmiy, diniy ekspertizalardan o‘tkazilgan, efirga uzatilgan va bugungi kunda MTRK Arxiv fondida saqlanayotgan telemahsulotlar o‘rin oladi.
Xususan, mamlakatimizda islom madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini, muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarni obod etish, muqaddas dinimiz musaffoligini asrash, aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarimizga hurmat hamda turli millat va e’tiqod vakillariga nisbatan bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng targ‘ib etilgan teledasturlar, xalqimizning diniy savodxonligini oshirish, mamlakatimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va bunyodkorlik ishlari bilan aholini yaqindan tanishtirib borish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan chuqur falsafiy va ibratga yo‘g‘rilgan ilmiy-ommabop va badiiy ko‘rsatuvlar shular jumlasidandir.
Shu bilan birga, bugungi globallashuv davrida insoniyat hayotiga xavf solayotgan muammolar hamda oilaviy, odob-axloq va yosh avlod tarbiyasining dolzarb masalalar yuzasidan din sohasi vakillari, mutaxassis va olimlari bilan bahs-munozara va muloqotlar, davra suhbatlari, aholi, ayniqsa yoshlarni g‘arazli kuchlar va oqimlarning ta’siridan asrash, terrorizm va ekstremizm g‘oyalarining asl maqsadlarini fosh etish, har xil oqimlardan, shu jumladan, «ommaviy madaniyat»ning zararli illatlaridan himoya etishga yo‘naltirilgan maxsus ko‘rsatuv va roliklarga ham keng o‘rin beriladi.
O‘zbekiston MTRK OTT platformasini mamlakatimiz va yer yuzining istalgan nuqtasidan turib kuzatib borish imkoniyati yanada ortib borayotganini, platformaning muxlislari soni kun sayin ko‘payib borayotganini inobatga oladigan bo‘lsak, tashkil etiladigan "Hidoyat sari" ilmiy-ma’rifiy virtual (onlayn) telekanali yurtimizda diniy bag‘rikenglik, buyuk ajdodlarimiz, muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalarni targ‘ib etish, yoshlarimizning diniy-ma’rifiy bilimlarini yanada oshirishda ulkan ahamiyat kasb etadi.
O‘zA