Ma’naviy yuksalishning yangi sifat bosqichi
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi hamda madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan uchrashuvda ilgari surilgan ilg‘or fikr va g‘oyalar keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi, ayniqsa ma’naviyat sohasi vakillarini ruhlantirdi.
Yangilangan Konstitutsiya yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi rivojiga xizmat qilmoqda. Unda eng avvalo “Inson qadri uchun” g‘oyasi ustuvor bo‘lib, “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, ya’ni inson manfaatini hamma narsadan ustun qo‘yishni maqsad qilgan. Ayniqsa, unda belgilangan normalarni hayotga tatbiq etish eng muhim vazifadir. Konstitutsiyamizda belgilangan “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan qoida jamiyat hayotida samarali namoyon bo‘lmoqda. Ya’ni 2023 yilda ijtimoiy sohaga eng ko‘p – 134 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani, bu esa 2016 yilga solishtirganda 5,6 barobar ziyodligi, bu boradagi amaliy ishlarning debochasi ekanligi, yaqin kelajakda uning xajmi va ko‘lami yuksalib, mamlakatimiz fuqarolarining hayotida, turmushi hamda dasturxonida o‘z aksini topishi hech kimga shubha uyg‘otmaydi.
Hozirgi murakkab zamonning o‘zi voqelikka ochiq ko‘z bilan, teran va chuqur mushohada yuritgan holda nazar tashlashni, hushyor qarashni, jahonda va yon-atrofimizda tobora kuchayib borayotgan ma’naviy tahdid va xatarlarni to‘g‘ri baholab, ulardan tegishli saboq chiqarib yashashni talab etmoqda. Davlat rahbarining “Biz bugungi keskin sharoitda g‘oyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi?” savoli jiddiy va o‘rinli bo‘lib, jamiyatimiz a’zolari bu jabhada qay daraja raqobatbardosh, yoshlarimiz zamonamizning mafkuraviy talab va tahdidlariga javob bera oladimi, uning aqliy salohiyatini yuksaltirish, o‘ziga bo‘lgan ishonch ruhiyatini yanada mustahkamlash ishlarimiz qay ahvoldaligi masalalarini o‘z ichiga qamrab oladi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbari ta’biri aytganda, “o‘zbek”, “o‘zbekistonlik”, “O‘zbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bu borada ishlarimizni tizimli yo‘lga qo‘yishimiz lozim, yoshlarimiz qalbida vatanparvarlik, yurtga daxldorlik, yuksak fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda amaliy ishlarga kirishishni kechiktirmaslik ayni haqiqat.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali asosan chetdan, ba’zan, hatto, mamlakatimizning o‘zida ham Konstitutsiya va qonunlarimizga zid pozitsiyalar ilgari surilayotgani, jumladan, diniy e’tiqod niqobi ostida yoshlarni ma’rifatga emas, zo‘ravonlikka, milliy o‘zligini, madaniy-ma’rifiy va oilaviy qadriyatlarini yo‘qotishga undash yo‘li bilan jamiyatda zo‘ravonlik va radikal qarashlarni tarqatish orqali jaholatga undash holatlari paydo bo‘layotganiga Prezidentimiz alohida urg‘u berib, bunday vaziyatda jamiyatimizda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishni kuchaytirish, ehtiyotkorlik va ogohlikni oshirish, konfessiyalararo va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, jamiyatda bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirish lozimligi ta’kidlandi.
Prezidentimiz millatimiz ziyolilaridan yanada faol bo‘lishga, jamiyatda buzg‘unchilikning har qanday ko‘rinishda namoyon bo‘lishiga nisbatan murosasizlik muhitini yaratishda, buzg‘unchi mafkuralarga qarshi immunitetni shakllantirishda, huquqiy savodxonlik va ijtimoiy javobgarlik hissini oshirishda, tinchlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda yanada faol bo‘lishga, o‘zlarining ma’naviy fazilatlari bilan boshqalarga o‘rnak ko‘rsatishga chaqirdi.
Milliy til avlodlarni bir-biri bilan bog‘lab turadigan silsiladir, bu silsilani uzish o‘z ildiziga bolta urish bilan barobar hisoblanadi. Milliy til yo‘qlikka mahkum etildimi, millatning ma’naviy poydevoriga darz ketadi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy robita yo‘qoladi. Til nafaqat muomala vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixi, eng muhimi mustaqillik belgisidir. Buni chuqur anglagan Prezidentimiz o‘z faoliyatining dastlabki damlaridan o‘zbek tilining ravnaqiga alohida e’tibor qaratdi, uning nufuzini oshirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Uning mantiqiy davomi sifatida mazkur yig‘ilishda ham o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Quvonarlisi shuki, “o‘zbek tili va adabiyoti” fani o‘qituvchilariga ham xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan boshqa fan o‘qituvchilaridan kam bo‘lmagan miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanishi, o‘zbek tili bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasi o‘tkazilishi, g‘olib va sovrindorlari pul mukofoti bilan taqdirlanishi hamda oliygohlarga o‘zbek tili filologiyasi yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi kabi takliflarning hayotga tatbiq etilishi yoshlarimizda faxr va iftixor tuyg‘usining yanada rivojlanishiga, o‘zbek tilimizning qadr qimmatining oshishiga, haybatining yuksalishiga, uning jahon tillari o‘rtasida nufuzi va obro‘si oshishiga xizmat qiladi.
Sog‘lom, bilimli, madaniyatli yoshlar mamlakat taraqqiyoti va kelajagini belgilab beruvchi hamda jamiyatda ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda harakatlantiruvchi kuchdir. O‘z navbatida o‘sib kelayotgan avlodni har tomonlama yetuk va barkamol shaxs etib tarbiyalash esa ta’lim sohasida olib borilayotgan bugungi islohotlarning natijasiga bog‘liq. O‘zbekistonning bu boradagi pozitsiyasini esa davlatimiz rahbarining quyidagi so‘zlari ifodalaydi: “Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu — ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”.
Doniyor G‘afurov,
Buxoro muhandislik -texnologiya instituti
yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar
bo‘yicha birinchi prorektori.
O‘zA