Ma’naviy xazina ulashgan olimani xotirlab
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida O‘zbekiston Qahramoni, atoqli navoiyshunos olima Suyima G‘aniyeva tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-adabiy anjuman o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, Suyima G‘aniyeva mumtoz adabiyotimizni o‘rganish, targ‘ib etishga oid ilmiy tadqiqotlar olib borgan, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan olima, mehribon ustoz sifatida mashhur edilar.
Ma’lumotlarga ko‘ra, olimaning mumtoz she’riyatning bilimdoni bo‘lib shakllanishida u kamol topgan oilaning ta’siri katta bo‘lgan.
Manbalarda keltirilishicha, Suyima G‘aniyeva 1946 yili o‘rta maktabni bitirgach, O‘rta Osiyo davlat universiteti sharq fakultetida eron-afg‘on filologiyasi ixtisosligi bo‘yicha ta’lim oldi. 1953-1956 yillarda Leningrad davlat universiteti sharq fakulteti aspiranturasida o‘qib, 1956 yili “Majolis un-nafois”ning III va IV majlislari ilmiy-tanqidiy matni va adabiy tahlili” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Manbalarga ko‘ra, Navoiy ijodi O.Sharafiddinov, Ye.Bertels va S.Ayniylarning bundan ancha ilgari bosilgan monografiyalarida ma’lum darajada atroflicha o‘rganib, yoritilgan edi. Olimaning dastlabki “Alisher Navoiy” kitobi bulardan farqli o‘laroq, Navoiyning sermashaqqat hayot yo‘li, izlanishlari, adabiy-ilmiy hamda davlat va jamoat arbobi sifatidagi faoliyatining ommabop uslubda bayon etilishi, yangi manbalardan foydalanilganligi bilan ahamiyatlidir.
Biografik ma’lumotlarga ko‘ra, Suyima G‘aniyeva 1956–1959 yillarda O‘z FA Til va adabiyot institutida kichik ilmiy xodim, ilmiy kotib, katta ilmiy xodim bo‘lib ishladi. U “O‘zbek adabiyoti tarixi” (15 jildli), “Istoriya uzbekskoy literaturы” (2 jildli), Navoiyning nasriy asarlari (13 asar) va nazmda yozilgan 3 asarining nashr etilishida faol qatnashdi.
Uning Alisher Navoiy hazratlarining dastxatini Tehronning “Hoki Guliston” nomli muzey fondidan Vatanimizga keltirgani millatimiz, adabiyotimiz ravnaqi yo‘lida qilingan eng ulkan ezgu ishlardan, muhim yutuqlarimizdan biri bo‘ldi. Rossiya, Eron, Turkiya, Xitoy va boshqa xorijiy davlatlarda bo‘lgan xalqaro anjumanlarda olimaning qilgan ma’ruzalari dunyo ilm ahli tomonidan katta qiziqish va e’tibor bilan e’tirof etilgan.
S.G‘aniyeva adabiyotshunos, sharqshunos, tarjimon, manbashunos va matnshunos olima sifatida 20 dan ortiq kitob va risolalardan tashqari, turli to‘plam, jurnallarda 120 dan ortiq maqolalar hamda so‘zboshilar, matbuotda 300 ga yaqin maqola va taqrizlar e’lon qildi. Navoiyning nasriy asarlari, jumladan, “Majolis un-nafois”ni tadqiq etishga kirishgan olima izlanishlarini asosan qo‘lyozma manbalarga asoslanib olib bordi.
1970 yildan O‘zbekiston davlat konservatoriyasida, 1990 yildan Toshkent davlat sharqshunoslik institutida faoliyat yuritdi. 1991–1996 yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida Navoiy ijodidan maxsus ma’ruzalar o‘qidi.
Suyima G‘aniyeva chet ellarda ham o‘zbek mumtoz adabiyoti, jumladan, ulug‘ Alisher Navoiy asarlarining ezgu g‘oyalari, o‘ziga xosliklarini targ‘ib qilgan. Asarlari Rossiya, Yaponiya, Eron, Hindiston, Indoneziya kabi mamlakatlarda nashr etilgan.
Suyima G‘aniyevaning Alisher Navoiy merosini tadqiq etishga oid asarlari jaxon miqyosida nashr qilingan va ilmiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan. Mutaxassislarning fikricha, Suyima opa Navoiy asarlarini nainki ilmiy doiralar, balki oddiy odamlar uchun yanada yaqinlashtirishga ulkan hissa qo‘shgan edilar.
Olimaning hayoti va ijodi haqida adabiyotshunoslar, shogirdlari tomonidan kitoblar, maqolalar yozilgan. Fanimizning haqiqiy qahramoni Suyima G‘aniyevaning ilmga, ma’naviy merosimizga munosabati yoshlar uchun namunadir.
Anjumanda Suyima G‘aniyevaning ijod yo‘li, ilmiy ishlarining ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova,
O‘zA