Ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondining Buxoro viloyati bo‘linmasi tashabbusi bilan Buxoro shahridagi NNT va Do‘stlik uyida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi.
Unda viloyat hokimligi mas’ullari, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Buxoro viloyati bo‘linmasi harbiy xizmatchilari, milliy-madaniy markazlar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Anjuman do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini yanada keng targ‘ib etish, yurtimizda qaror topgan tinchlik muhitini mustahkamlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari o‘zaro hurmat va ishonch muhitida, yagona maqsad yo‘lida ahil-inoq yashab kelmoqda. Bu esa mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, millatidan, tili va dinidan qat’i nazar har bir fuqaroning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining amaliy natijasidir.

Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasining “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinishi mamlakatimizda millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim tarixiy qadam bo‘ldi. Mazkur Qonunga muvofiq, 30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilangani xalqimizga xos bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va ezgulik kabi qadriyatlarni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Tadbirda Prezidentimiz tomonidan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor alohida e’tirof etildi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik muhitini asrash har birimiz uchun muqaddas burchdir. Bu g‘oyalar bugungi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim tayanchlaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda turli millat va elatlar hamda diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi hamjihatlikni ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson qadrini ulug‘lash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Qayd etilganidek, yurtimizda har bir millatning tili, madaniyati, urf-odati va an’analarini asrab-avaylash uchun barcha huquqiy va amaliy imkoniyatlar yaratilgan.

Buxoro viloyatida bugungi kunda 12 ta milliy-madaniy markaz samarali faoliyat yuritib, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ushbu markazlarda milliy madaniyat, ona tili, urf-odat va qadriyatlarni targ‘ib qilish bilan bir qatorda, yosh avlodni vatanparvarlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tatar-boshqird milliy-madaniy markazi rahbari Xolida Sabitova bag‘rikenglik insoniyat erishgan eng ulug‘ qadriyatlardan biri ekanini ta’kidladi.
— Bugungi kunda bag‘rikenglik insoniyat tomonidan erishilgan eng katta yutuqlardan biridir. Kelgusidagi taraqqiyot uchun ham aynan shu fazilat eng muhim omil bo‘lib qoladi. O‘zbekistonda turli millat va diniy konfessiya vakillari o‘rtasida mustahkam do‘stlik va hamjihatlik muhiti qaror topgan. Bu yurtda har bir inson o‘zini yagona Vatanning teng huquqli farzandi sifatida his etadi, — dedi u.

Tadbir davomida bildirilgan fikrlar, o‘tkazilgan muloqotlar va samimiy uchrashuvlar barcha ishtirokchilarda yana bir bor Vatanga muhabbat, xalqlar do‘stligiga sadoqat va yurt tinchligini asrash mas’uliyatini yanada kuchaytirdi.
Buxoroda o‘tkazilgan mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir yana bir haqiqatni namoyon etdi: millatlar o‘rtasidagi do‘stlik va bag‘rikenglik — bu shunchaki shior emas, balki Yangi O‘zbekistonning hayotiy tamoyilidir. Turli millat va elat vakillarining yagona Vatan ravnaqi yo‘lida birlashib mehnat qilishi mamlakatimiz qudrati va xalqimiz birdamligining eng yorqin ifodasidir.
Zero, tinchlik va totuvlik hukm surgan yurtda taraqqiyot barqaror bo‘ladi, inson qadri yuksaladi, kelajak esa yanada porloq bo‘ladi. Buxoroda nishonlangan Xalqlar do‘stligi kuni ana shu buyuk g‘oyalarning hayotbaxsh timsoli sifatida barcha ishtirokchilar qalbida unutilmas taassurot qoldirdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri