Ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlar ko‘lami kengayib bormoqda
Poytaxtimizda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi axborot xizmati rahbari Bahora Ahmedova ishtirokida brifing tashkil etildi.
E’tirof etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan davr mobaynida Markaz tomonidan qator ommaviy tadbirlar va jamoaviy aksiyalar o‘tkazildi. Jumladan, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida respublika bo‘ylab “Umummilliy birdamlik festivali” tashkil qilindi. Festival AQSH va Koreya Respublikasidagi vatandoshlar va o‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida ham o‘tkazildi. Nyu-York shtatida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi, Nyu Jersi, Ogayo, Missuri shtatlari va Koreya Respublikasining bir qator shaharlarida forum va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” shiori ostida “Ma’rifat karvoni” loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida “Sivilizatsiyalar-shaxslar-kashfiyotlar”, “Tirik tarix”, “Farovon hayot sari ilk qadam”, “Olimlar va yoshlar uchrashuvi”, “Ijtimoiy g‘oyalar forumi”, “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” kabi ko‘plab ilmiy-ma’rifiy forum va tadbirlar tashkil etildi. “Tirik tarix” loyihasi doirasida 23 turdagi milliy kinofilmlar taqdimoti o‘tkazildi.
Yurtimizdagi oromgohlar, mahallalar, maktablar, markaziy istirohat bog‘lari, tashkilot hamda harbiy qism va harbiy ta’lim muassasalarida “Kinokarvon” loyihasi amalga oshirildi. Loyihada 1,5 million nafardan ziyod aholi, yoshlar, davlat xizmatchilari va harbiylar ishtirok etdi. Tegishli tashkilotlar hamkorligida “Mening mahallam” badiiy filmi tasvirga olindi. Uning taqdimoti respublikaning barcha hududlarida bir vaqtning o‘zida tomoshabinlarga taqdim etildi.
Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan 23 nafar askar va zobitlar haqida tayyorlangan “Millat fidoyilari”, “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori”, 8 tilda “Buyuklar haqida 100 ta dalil” kitobchasi, “Dolzarb 90 kun – 90 imkoniyat” nomli uslubiy qo‘llanma, “Ona yurt fidoyilari” ruknida jadid bobolarimizning kitoblari nashr etildi. Ijtimoiy-falsafiy, ma’naviy-ma’rifiy mazmundagi “Ma’naviy hayot” va “Tafakkur” jurnallarining 3 tadan soni chop etildi. Mamlakatimizning barcha hududlarida “Kitoblararo 80 kun” marafoni o‘tkazildi.
Raqamli targ‘ibot yo‘nalishida Yangi mafkuraviy mo‘ljallarga asoslangan raqamli targ‘ibot ishlarini amalga oshirish maqsadida 4 ta media-kampaniya yo‘lga qo‘yildi. Tizimdagi raqamli targ‘ibotga mas’ul xodimlar uchun “Milliy kontentni ishlab chiqish va ommalashtirish salohiyatini oshirish” mavzusida seminar-trening hamda raqamli targ‘ibot bo‘yicha “Media savodxonlik va kontent yaratish” mavzusida maxsus o‘quv kursi tashkil etildi.
Raqamli targ‘ibotning ta’sirchanligini oshirish maqsadida bir qator ijtimoiy roliklar, qisqa metrajli animatsion filmlar tayyorlandi. “O‘zbekiston menda yashaydi” nomli milliy kontentlar onlayn tanlovi o‘tkazildi. Taniqli shoirlar, bastakorlar, qo‘shiqchilar va ijodkorlarni jalb qilgan holda vatanparvarlik, yangi milliy ruhiyat, umummilliy birdamlik va o‘zaro hurmatni tarannum etuvchi yoshlarbop “Vatan” nomli pleylist yaratildi va 170 dan ziyod musiqiy platformalarda e’lon qilindi. Davlat xizmatchilari va keng jamoatchilik uchun “Siyosiy-ma’rifat soati” ning 36 ta soni tayyorlandi va taqdim etildi. “Shaxs-jamiyat-davlat-mintaqa” kesimida yangi mafkuraviy mo‘ljallarni joriy etishga oid bir necha loyiha ofislari tashkil etildi. Ular tomonidan 2025 yil uchun 17 ta maqsadli loyiha yo‘lga qo‘yildi.
“Ma’rifat orqali kambag‘allikni qisqartirish” dasturi doirasida og‘ir ijtimoiy toifadagi mahallalarga obro‘-e’tiborli, nuroniy olimlar, yozuvchi-shoirlar, teatr va san’at arboblari, hojilar “ma’naviy ko‘makchi” sifatida biriktirildi.
Ma’lumki, Islom sivilizatsiyasi markazining “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” pavilonini g‘oyaviy jihatdan boyitish vazifasi Markaz zimmasiga yuklatilgan. Ushbu pavilon 8 ta bo‘limdan iborat bo‘lib, har bir bo‘limni mazmunan boyitish maqsadida 18 ta ilmiy-innovatsion loyiha yo‘lga qo‘yilgan. Ularni amalga oshirishga 50 nafardan ziyod olim va tegishli soha mutaxassislari jalb qilindi.
N.Usmonova, O‘zA