Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi oshadi
Navoiy viloyati Ma’naviyat va ma’rifat markazida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ishtirokida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” g‘oyasi asosida ta’lim muassasalarida 2023-2024 o‘quv yilida ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni namunali tashkil etish bo‘yicha viloyat seminari bo‘lib o‘tdi.
Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 avgust kuni maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar haqida so‘z yuritilib, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, sohada tizimli muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari, istiqboldagi rejalar muhokama etildi.


Jumladan, viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Xodjayev viloyatda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish, o‘qituvchilar oldida turgan muhim vazifalarga to‘xtalib, bu borada hamkor tashkilotlar bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlar to‘g‘risida gapirib o‘tdi.
Shuningdek, “Tafakkur” NNT rahbari Jonibek Shuhratov “Vatanparvarlik va milliy g‘urur – tarbiya tayanchi” mavzusida ma’ruza qilib, barcha muvaffaqiyatlarning kaliti kitob ekanligi, kitobxonlikni targ‘ib qilishda yangicha yondashuvlar xususida so‘z yuritdi.


Tadbirda ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda ishlarni tashkil etishning yangicha kreativ usullaridan foydalanish, o‘qituvchi, o‘quvchi, ota-onalar hamkorligini yo‘lga qo‘yish orqali ta’lim-tarbiya jarayonlarini samarali tashkil etish, shuningdek, tarbiya jarayonlarida oilaviy qadriyatlar, insoniy fazilatlarni kamol toptirishga alohida e’tibor qaratish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Seminar so‘ngida soha vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.


A.Bo‘riyev, O‘zA