Mamlakatimizdagi taksichilar soni ma’lum bo‘ldi
– Transport vazirligi statistikasida Toshkent shahridagi taksichilarning qanchasida litsenziya borligi va qanchasida yo‘qligi haqida ma’lumot bormi?
– Respublika bo‘yicha bugungi kunda 55 ming 763 fuqaro taksi faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda. Bulardan Toshkent shahrida 10 ming 473 fuqaro belgilangan tartibda hujjatlar asosida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Undan tashqari ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan fuqarolar monitoringini olib boramiz. Bu ko‘rsatkichlar hozirda respublika bo‘yicha 100 mingga yaqin fuqaro taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotganligini ko‘rsatyapti. Ya’ni 55 ming 763 tasi tegishli hujjatlar asosida faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, yana deyarli shunchasi hujjatlarsiz faoliyat ko‘rsatayotganini ko‘rish mumkin.
Toshkent shahrida 10 ming 473 fuqaro tegishli hujjatlar bilan faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, 30 mingga yaqin fuqaroning taksi faoliyati bilan yoki ishdan keyin o‘zini o‘zi band qilish, qo‘shimcha daromad sifatida ishlayotganini ko‘rishimiz mumkin, – dedi Transport vazirligi Avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Ruslan Ro‘zmetov.
Davlatimiz rahbarining “Avtotransport vositalarini boshqarishda va yo‘nalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida”gi qarorida elektron ishonchnomani rasmiylashtirganlik uchun davlat boji uning amal qilish muddatidan kelib chiqqan holda ishonchnomani notarial tasdiqlash uchun o‘rnatilgan davlat bojiga nisbatan quyidagi foizlarda undiriladi, deyilgan. Bir oygacha bo‘lgan muddatga – 10 foiz; olti oygacha bo‘lgan muddatga – 50 foiz; uch yilgacha bo‘lgan muddatga – 100 foiz. Bu foizlar so‘mda qanchani tashkil qiladi?
– bugungi kunda transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarni notarial tartibda rasmiylashtirganlik uchun begona shaxslar bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari ya’ni 900 ming so‘m, agar yaqin qarindoshlar bo‘ladigan bo‘lsa, 50 foizni tashkil qiladi.
Ishonchnomaning muddati bir oygacha beriladigan bo‘lsa, notariusda undiriladigan davlat boji belgilangan stavkaning 10 foiz miqdorida ya’ni bu bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizini, so‘mda hisoblasak 90 ming so‘mni tashkil qiladi. Ishonchnomaning amal qilish muddati 6 oygacha bo‘ladigan bo‘lsa, 450 ming so‘m bo‘ladi. 3 yilgacha muddatda esa bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravar miqdorida davlat boji to‘lanadi.
Tahlillarga ko‘ra, 2021 yilning o‘zida mana shu xizmatlar uchun fuqarolar tomonidan 24 milliard so‘m to‘lov amalga oshirilgan, – dedi Adliya vazirligi xodimi Nurjon Vakilov.
N.Rahmonova,
Yo.Meliboyev( video) O‘zA