Mamlakatimizda “Ustozlar milliy forumi” xalqaro konferensiyasi boshlandi
Yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan o‘qituvchilarning o‘zaro fikr va tajriba almashishi, yangi g‘oyalar, ilg‘or pedagogik texnologiyalardan boxabar bo‘lishi muhimdir. 2026-yil 9-11-avgust kunlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida an’anaviy beshinchi “Ustozlar milliy forumi” tashkil etilmoqda.
Mazkur Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad, yangi o‘quv yili oldidan maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, rahbar va xodimlarning tashabbuskorligi va mas’uliyatini kuchaytirish, tizimda faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ilg‘or tajriba va metodik yondashuvlarni keng targ‘ib qilishdan iborat.
Forum an’anaviy tarzda har yilning avgust oyida respublika, viloyatlar, tuman (shahar)lar, maktablar miqyosida o‘tkazib kelinmoqda.

Forumning respublika bosqichi Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida o‘tkazilib, unda hududlardan 300 nafardan ortiq ilg‘or, tashabbuskor, yetakchi o‘qituvchi va tarbiyachilar jalb etildi.

Ushbu Forumning davomi kaskad usulida 17-18-avgust kunlari viloyat miqyosida, 20-21-avgust kunlari tuman (shahar)larda sho’ba yig‘ilishlari ko‘rinishida, 24-29-avgust kunlari barcha ta’lim muassasalarida pedagogik kengashlar tarzida tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Forum doirasida tegishli yo‘nalishlarda hamkor hamda respublika tashkilotlari rahbar va xodimlari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Respublika Tashxis markazi mas’ul xodimlari tomonidan dars mashg‘ulotlari, psixologik darslarlar tashkil etiladi.

Shuningdek, ishtirokchilarda jamoaviy ruh va ish samaradorligini oshirish maqsadida sport musobaqalari hamda “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkaziladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, xalqaro talablar asosida takomillashtirilgan umumta’lim fanlari o‘quv dasturlari hamda yangidan chop etiladigan darsliklardagi yangi ma’lumotlar yil davomida “Kasbiy rivojlanish kunlari” va “Kasbiy rivojlanish soatlari”da o‘qitib alohida dastur asosida pedagoglarimizga o‘qitib boriladi.
N.Usmonova,
O‘zA