Mamlakatimizda ekologik masalalarga qanday qaralmoqda?
Mamlakatimizda aholi manzillaridan chiqindilarni tashish, qayta ishlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ammo sohada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ham talaygina. Shular xususida Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Farhod Dehqonov bilan suhbatlashdik.
– Yurtimizda chiqindilarni qayta ishlovchi nechta korxona bor va ular qanday faoliyat ko‘rsatmoqda?
– Respublikamizda maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida 2017 yildan bugunga qadar 184 ta sanitar tozalash korxonalari tashkil etilgan. Ulardan 3 tasi davlat unitar korxonalari va Toshkent shahrida “Maxsustrans” davlat unitar korxonasining 12 ta filiali xizmat ko‘rsatadi. Samarqand shahrida esa “Mirobod obod” unitar korxonasi xizmat qiladi.. “Toza hudud” unitar korxonalari respublikaning barcha hududlarida o‘z faoliyatini olib boradi. Ularning 174 taga yaqin filiali mavjud. Bundan tashqari, 114 ta xususiy, 67 ta davlat-xususiy sheriklik korxonalari xizmat ko‘rsatadi. 2020 yildan buyon davlat-xususiy sherikchilik korxonalari tashkil etilgan va ularga 112 ta tuman (shaharlar) biriktirilib berilgan. Ushbu korxonalarda 4000 ga yaqin texnikalar mavjud. Ular respublika bo‘ylab 196 ta poligonga chiqindilarni tashish bilan shug‘ullanadi. Oxirgi uch yilda tabiatga eng katta zarar yetkazayotgan 47 tasi tuproq qatlami bilan yopilgan. Yana 33 tasini yopishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Chunki ular aholi va suv havzalariga yaqin joylashgan. Hozirgi kunda 163 ta maishiy chiqindi poligoni mavjud.
– Mamlakatimizda aholi manzillaridan chiqindilarni tashish, qayta ishlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Respublikamizda 296 ta chiqindilarni qayta ishlaydigan korxona mavjud va ular 7 million tonna chiqindidan o‘rtacha 2,2 million tonnasini qayta ishlaydi. Shuningdek, plastik chiqindilarni qayta ishlovchi 88 ta korxona mavjud bo‘lib, ular yiliga o‘rtacha 707 ming tonna plastik idishlarni qayta ishlaydi. Natijada 420 ming tonna tayyor yoki yarim tayyor mahsulot ishlab chiqaradi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hududlarda chiqindilarni saralab yig‘ishni kengaytirib, qayta ishlashni kengroq yo‘lga qo‘ymoqchi. Shuningdek, chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalarga “yashil subsidiyalar” berish, chiqindi poligonlarini qisqartirishni reja qilyapti. – Poytaxtning ba’zi bekatlarida chiqindi urnalari to‘lib ketishiga guvoh bo‘lamiz. Bunday vaziyatda qayerga murojaat qilish kerak. – Barcha jamoat joylarida Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi tomonidan chiqindi qutilari o‘rnatilgan. Hududlar kesimida ular kunlik tozalanib turiladi. Agar aholida murojaat bo‘lsa, Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil qilingan “Xalq nazorati” portaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefon qilishi mumkin. Bundan tashqari, Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining raqamlariga bog‘lanib, holat yuzasidan xabar berishi mumkin.
– Suv havzalari, daryo o‘zanlari atrofi chiqindilarga to‘la holatlarga guvoh bo‘lamiz. Bu borada qanday chora-tadbirlar ko‘riladi?
– Toshkent shahridan yirik suv manbalari oqib o‘tadi. Ular 6 ta kanal va Chirchiq daryosi. Suv havzalarida doimiy reyd tadbirlari amalga oshiriladi. Xususan, Chirchiq daryosi bo‘ylarida 100 dan ziyod reydlar amalga oshirilgan. Natijada yuk mashinalari orqali qurilish chiqindilarini tashlash holatlari aniqlangan. Bundan tashqari, ochiq suv havzalariga oqova suvlarni oqizish holatlari bartaraf qilingan. Bunday holatlarda Kanallar boshqarmasi, SES va boshqa tashkilotlar bilan ishlanadi.
– Aholining ekologik madaniyatini oshirish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Aholi o‘rtasida ekologik madaniyat, ekologik bilimni oshirish juda ham katta masala bo‘lib, shu yo‘nalishda ham bir qancha ishlarni amalga oshiramiz. Boshqarma tomonidan ekologik sanalar bor. Unda turli mahallalarda, oliy o‘quv yurtlarida, korxona va tashkilotlarda tadbirlar amalga oshirib kelmoqdamiz. Xususan, tozalash aksiyalari, suvni tejash masalalari bo‘yicha seminarlar o‘tkaziladi. Yarim yillikda 1700ga yaqin tezkor reydlar amalga oshirdik va qonun buzuvchilar bilan ishladik, chora ko‘rdik, aholiga tushuntirishlar berdik. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali qonunchilikdagi yangiliklarni tushuntirish ko‘nikmalarini amalga oshiryapmiz. Buning hammasi aholining ekologik bilimi oshishiga olib keladi.
Toshkent shahrida kuniga 2 ming tonna qattiq maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Bu chiqindilarni olib chiqib ketish uchun “Maxsustrans” unitar korxonasi va uning 12 ta tuman filiali hamda 37 ta boshqaruv kompaniyalari faoliyat olib boradi.
Toshkent shahridan ikki usulda chiqindi olib chiqib ketiladi. Ko‘p qavatli uylardan chiqqan chiqindilarni maxsus idishlarga aholining olib chiqishi va hovlili hududlarda haftasiga ikki marta maxsus texnikalar yordamida olib chiqiladi. Ular Ohangaron tumanidagi poligonga olib chiqiladi. Asosiy qayta ishlab chiqariluvchi chiqindilarga – qog‘oz, polietilen, shisha chiqindilar, rangli va qora metall parchalari hamda boshqa turdagi chiqindilar kiradi.
–O‘zgarish hududida doimiy badbo‘y hid kelishi ko‘plab shikoyatlarga sabab bo‘ladi. Buni bartaraf etish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?
– Toshkent shahrining Sergeli tumani O‘zgarish hamda Qubaytepa mahallalarida atmosfera havosiga badbo‘y hid tarqalish holatlari o‘rganildi. Toshkent shahar “Suvta’minot” mas’ulyati cheklangan jamiyatiga qarashli bo‘lgan “Salar” suv tozalash inshooti ushbu mahalla hududida joylashgan bo‘lib, Toshkent shahrining beshta tumanida hosil bo‘lgan oqova suvlarni tozalashga ixtisoslashgan. Ushbu ob’ekt kuniga 750 ming kubdan 800 ming kubga yaqin oqova suvlarni qabul qilib, biologik usulda tozalashga ixtisoslashgan. Korxona inshoot atroflariga badbo‘y hid tarqalib, bu aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan edi. Albatta, bu bo‘yicha oxirgi yillarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 5 ta tumanda joylashgan yirik korxonalarning oqova suvlarni tozalash ishlari to‘liq o‘rganildi va 20 ga yaqin yirik potensial korxonalar ajratib olindi. Bular terini qayta ishlovchi, to‘qimachilik korxonalari, mol-qo‘ylar va parrandalarni so‘yishga ixtisoslashgan kushxonalar, qog‘oz mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonalaridir.
Toshkent shahrida joylashgan teriga ishlov beruvchi barcha korxonalar faoliyati to‘xtatilib, Toshkent viloyati va boshqa hududlarga chiqarildi. Teri ishlab chiqarish, ishlov berish korxonalari faoliyati to‘xtatilgani atmosfera havosiga zararli moddalarning tashlanishi, badbo‘y hid tarqalishi keskin kamaygan. Aholidan kelib tushayotgan murojaatlar yuzasidan ijtimoiy so‘rovlar amalga oshirildi. Korxonalar yaqin joylashgan hududlarni doimiy monitoring qilib boramiz. Bir qator hamkor tashkilotlar bilan tozalash ishlarini davom ettirmoqdamiz. To‘qimachilik kombinatlari, matoni bo‘yashga ixtisoslashgan korxonalar, oshxonalar faoliyati qattiq nazoratga olinib, ularga tabiatni muhofaza qiluvchi qonun talablari tushuntirilib, bajarilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatmalar berib kelmoqdamiz.
Nasiba Elibekova suhbatlashdi. O‘zA