"Mamlakat kelajagiga, uning ertangi kuniga befarq emasman"
Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi 558-saylov uchastkasida saylov jarayoni qizg‘in davom etmoqda. Saylovchilarga saylovda erkin ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning ovoz berishda ishtirok etishi muhim hisoblanadi.
Shu maqsadda har bir saylov uchastkasi nogironlar aravachalari uchun alohida pandus bilan jihozlandi. Bundan tashqari, kabinalarning biri nogironlarning ovoz berishi uchun mo‘ljallangan. Ko‘zi ojiz fuqarolarga brayl alifbosida saylov mavzusi bo‘yicha risolalar hamda ular uchun mo‘ljallangan saylov byulletenlari tayyorlangan.
Saylovchilar juda faol va ular orasida yoshi ulug‘lardan tortib, yoshlar, xotin-qizlar, turli kasb egalarini uchratish mumkin.
– Barcha saylovchilar bergan ovoz yurt ertasini belgilaydi, – deydi Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi Zokir ota Mavlonov. – Xalq bugun kimga yuksak ishonch bildirsa, u ertaga butun mamlakat taqdirini belgilab beruvchi jarayonlarni boshqaradi. Saylov ochiq, erkin o‘tishi kerak. Men ham o‘zim munosib topgan nomzodga ovoz berdim. Men ommaviy axborot vositalarida saylov bilan bog‘liq tadbirlarda Prezidentlikka nomzodlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldim. Ovozim xalqimizning ertangi kuni bugunidan yaxshi bo‘lishi uchun xizmat qiladi, deb ishonaman.
Saylov uchastkalarini kuzatar ekansiz, o‘z huquqini va burchlarini chuqur anglab yetgan yosh avlod mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan faol qatlamga aylanganiga guvoh bo‘lasiz.
— Prezident saylovida ilk bor ishtirok etayotganim uchun biroz hayajondaman, – deydi Mashhura Odilova. – Bugungi muhim siyosiy jarayon yurtimizning ertangi taraqqiyot yo‘li qanday bo‘lishini belgilab beradi. Qonunchiligimizga ko‘ra, saylovchining saylovda ovoz berishda ishtirok etishi majburiyat emas, balki huquq sanaladi. Biroq bu huquqdan samarali foydalanish, o‘z taqdirini davlat, jamiyat, xalq taqdiri bilan bog‘liq holda ko‘rish, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lish har bir fuqaroning insoniylik burchidir. Shu bois, o‘z huquqimdan тўлатўкис foydalanib, yurtim taqdiriga daxldor ekanimni ko‘rsatdim. Yosh saylovchi sifatida munosib nomzodga ovoz berdim. Zero, mamlakat kelajagiga, uning ertangi kuniga befarq emasman.
Ovoz berish qizg‘in davom etmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA