Mamlakat chempionatining ilk g‘oliblari ma’lum
Kecha 15 mart kuni Xiva shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati boshlandi.
Chempionatning ochilish marosimida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Rashid Matkarimov, Xorazm viloyati hokim o‘rinbosari Sanat Salayev, Xiva shahar hokimi Temur Davletov va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, musobaqalarda qatnashayotgan sportchilarga bahslarda omad tilashdi.
Musobaqa dasturiga binoan kecha kun mobaynida o‘smir qizlar 40, 45, 49 va 55 kg vazn toifasida o‘g‘il bolalar esa 49 hamda 55 kilogrammda supachaga ko‘tarilishdi.
Ilk kungi bahslar Xorazm sportchilari uchun omadli keldi. O‘z uyingda devorlar ham suyaydi, deganlaridek, mezbonlar 6 ta (2 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza) medalni qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, Andijon, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakillari 2 tadan medalga egalik qilishdi. Namangan va Qashqadaryo viloyati polvonlari 1 tadan oltin, Jizzax va Navoiy 1 tadan kumush, samarqandlik atletlar bo‘lsa 2 ta bronza medaliga musharraf bo‘lishdi.
Bugun – 16 mart kuni 61 va 67 kg. vazn toifasida o‘smirlar hamda 59, 64, 71 va 76 kg. vazn toifalarida qizlar sovrinli o‘rinlar uchun bahs olib borishadi.
Eslatib o‘tamiz, chempionatda o‘smirlar o‘rtasidagi bahslar 18 martga qadar davom etadi. Rio Olimpiadasi g‘olibi Ruslan Nurudinov, Tokio Olimpiadasi chempioni Akbar Jo‘rayev, yoshlar, o‘smirlar hamda kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionati g‘olibligiga erishgan Doston Yoqubov, Adhamjon Ergashev, Muhammadqodir Toshtemirov, Kumush Fayzullayeva kabi o‘nlab iste’dodli sportchilar ishtirokidagi kattalar o‘rtasidagi mamlakat chempionligi uchun kurashlar esa 18-22 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA