Malayziyada O‘zbekiston ta’lim va madaniyat kunlari o‘tkazildi
Mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, xalqaro maydonlarda bunga alohida e’tibor qaratilayotgani fikrimizning isbotidir.
Universiti Teknikal Malaysia Melaka universitetida “O‘zbekiston–Malayziya ta’lim va madaniyat kunlari” hamda “Universitetlar ayol olimalari xalqaro forumi” bo‘lib o‘tdi.
Unda yurtimizning bir qator oliy ta’lim tashkilotlari talabalari va vakillari ham ishtirok etdi.

Malayziyada o‘tkazilgan mazkur forum yoshlarning xalqaro maydondagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish global tafakkurini shakllantirish hamda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Forum davomida universitetlararo hamkorlik ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish, akademik almashinuv va madaniy integratsiyani kuchaytirish masalalari, shuningdek, ayol olimalarning innovatsion rivojlanishdagi o‘rni muhokama qilindi. Bundan tashqari, ta’lim va ilm-fan sohasidagi eng ilg‘or tajribalarni joriy etishga qaratilgan tashabbuslar ham ilgari surildi.

Universiti Malaysia Pahang Al-Sultan Abdullah(MPSA) bilan hamkorlik memorandumi imzolangani ijobiy natijalardan biri sifatida baholandi. Ta’kidlanishicha, bu kelishuv qo‘shma ta’lim dasturlari, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, co-teaching va global classroom kabi zamonaviy ta’lim shakllarini rivojlantirish imkonini beradi.
Tadbir so‘nggida talabalar milliy maqom san’ati va an’anaviy san’at namunalari bilan O‘zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro maydonda targ‘ib qildi. Bu esa yoshlarni global platformalarda faol ishtirok etishga ilhomlantirdi.
Sherbek Islomov
O‘zA