Malakali kadrlar tayyorlash – muhim vazifa
Aloqa tarixi muzeyida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislarini tayyorlash va sohada amalga oshirilayotgan loyihalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Aloqa tarixi muzeyida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislarini tayyorlash va sohada amalga oshirilayotgan loyihalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi Inha universiteti hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari A.Fayzullayev va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni yuksak intellektual salohiyatli, jismonan va ma’nan yetuk shaxslar etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Bugun jamiyatimiz oldiga axborot sohasini izchil isloh etish, kadrlar mahoratini yuksaltirishga doir muhim vazifalar qo‘yilmoqda. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent shahridagi Inha universitetida ta’lim sifatini oshirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Axborot texnologiyalarini samarali joriy etish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshida tashkil etilgan «Elektron hukumat» o‘quv markazida davlat boshqaruvi organlari rahbar va xodimlarining malakasini oshirish kurslari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, ilmiy ishlanmalarga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yaqinda o‘tkazilgan ko‘rgazmalarning birida ushbu oliy o‘quv yurti o‘qituvchilari, talaba va magistrlari 90 dan ortiq dasturiy va texnik ishlanmani namoyish qildi. Ularning aksariyatiga patent va 71 sertifikat berildi. Shuningdek, qiymati 3,9 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan ilmiy-tadqiqot ishlari va 2,2 milliard so‘mlik 126 loyiha bo‘yicha xo‘jalik-shartnoma ishlari amalga oshirilmoqda.
Talabalarning ilmiy-tadqiqot va innovatsion salohiyatini, kasb ko‘nikmasini yuksaltirish maqsadida Toshkent shahridagi Inha universiteti qoshida Innovatsiyalar va sanoat kooperatsiyasi markazi tashkil etildi.
– «Kafolat» sug‘urta kompaniyasi bilan hamkorlikda «Mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va tezligini oshirish uchun mobil ilovalar yaratish» loyihasi hayotga tatbiq etildi, – deydi ushbu markaz direktori Sanjar Saidxo‘jayev. – Bunday hamkorlik kompaniyaga tayyor mahsulot olish, universitetga ilmiy salohiyatni mustahkamlash, talabalarga esa bilim olish jarayonida amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish imkonini beradi.
Tadbirda oliy ta’lim muassasalari bazasida tashkil qilingan 12 o‘quv markazida turli idoralarning ikki mingdan ziyod xodimi o‘qitilgani ta’kidlandi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.