Malakali kadrlar sanoat korxonalari drayveri
O‘tayotgan fayzli kunlarni yangiliklar, o‘zgarishlar bilan qarshi olayotgan, bugunidan ko‘ngli to‘q, ertasiga esa katta umid va ishonch bilan yashayotgan yurtdoshlarimiz yangi O‘zbekiston tarixidagi buyuk va shonli sana – Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramini yangicha ruhda nishonladi.
Bu yilgi istiqlol bayramining «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘tkazilganligida ham o‘ziga xos ma’no bor. Buyuk o‘zgarishlar, yangicha dunyoqarash, ulkan bunyodkorlik ishlari, bularning bari ona Vatanga muhabbat, yurt ravnaqi, taqdiri uchun mas’ullik hissini yuz karra oshirdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tantanali marosimdagi Prezidentimizning nutqida keltirilgan ma’lumotlar, erishilgan natijalarni eshitib, yurtimiz taraqqiyotning yangi, yanada yuqori bosqichga ko‘tarilayotganligidan dillarimiz faxr-iftixorga to‘ldi.
Prezidentimiz tomonidan qayd etilganidek, bugungi kunda islohotlar talabi, hayotning o‘zi oliy ta’lim sohasini jadal rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois, yurtimizda so‘nggi 5 yilda 64 ta yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 141 taga yetkazildi. Qabul kvotasi 3 barobar oshirildi. Endilikda bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yilgi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi. Yaqin kelgusida ushbu ko‘rsatkichni 50-60 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalambor, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborda turibdi.
Jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar islohotchisi bo‘lgan Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar, taraqqiyot sari dadil odimlayotgan yurtga aylanmoqda. Xalqimizning tinch, farovon va baxtli yashashini ta’minlash uchun amalga oshirilayotgan islohotlar ta’siri va samarasini barcha yurtdoshlarimiz qatori oliy ta’lim tizimida mehnat qilayotgan ziyolilar mazkur tizimdagi ulkan o‘zgarishlar misolida ko‘rib, bilib turibdi.
Mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Bilim dargohlarining qiyofasi o‘zgarib, moddiy-texnika bazasi mustahkamlanmoqda, o‘qitish, malakali mutaxassislar tayyorlash sohasiga xalqaro tartib va me’yorlar kirib kelmoqda. Professor-o‘qituvchilarni moddiy, ma’naviy qo‘llab-quvvatlash ko‘lami tobora ortayotir. Buni Andijon mashinasozlik institutida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.
Ayni kunda Andijon mashinasozlik institutidagi 28 ta ta’lim yo‘nalishida 6 ming 224 nafar talaba tahsil oladi. Talabalarning 215 nafarini magistrantlar, 3 ming 441 nafarini bakalavrlar, 2 ming 294 nafarini sirtqi bakalavrlar, 273 nafar talaba esa qo‘shma ta’lim dasturlari asosida o‘qimoqda. Eng asosiysi, institutni tamomlagan talabalar mamlakatimiz mashinasozlik korxonalarida samarali faoliyat yuritmoqda.
Institutning moddiy-texnika bazasi, imkoniyatlari yildan yilga kengayib bormoqda. O‘qitish ishlari ilg‘or va innovatsion usullar keng joriy etilgan holda olib bormoqda. Axborot-resurs markazi zarur ilmiy, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlangan.
Institutda mavjud 20 ta ixtisoslik bo‘yicha tayanch doktoranturalar tashkil etilgan. Ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun zarur barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Shuningdek, institut qator xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan ham yaqindan hamkorlik qilmoqda. Xalqaro anjuman va seminarlarda professor o‘qituvchilarimiz, talabalarimiz faol ishtirok etayotir. Birgina o‘tgan 2020 yilda professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan respublika va xorijdagi ilmiy nashrlarda qariyb 1 ming 500 dan ortiq ilmiy maqolalar e’lon qilindi. Ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lami va sifatini oshirish maqsadida joriy yilda institutda ilmiy laboratoriya barpo etilmoqda. Buning uchun 1 milliard 250 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Institutimizda talabalarning malaka amaliyotlarini tashkil etish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlar mamlakatimizdagi avtomobilsozlik sanoati korxonalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida izchil va tizimli olib borilmoqda.
Yurt taraqqiyoti va ravnaqiga munosib hissa qo‘shish, yetuk va malakali kadrlar tayyorlashni o‘z oldiga bosh maqsad qilib qo‘ygan institutimiz jamoasi yangi O‘zbekiston poydevorini qurish, Prezidentimiz nutqidan kelib chiqadigan vazifalar ijrosini ta’minlash, yangi O‘zbekistonni bunyod etish, jahondagi taraqqiy etgan davlatlar qatoridan joy olishi uchun bor imkoniyatlarini ishga soladi.
Umidjon TURDALIEV,
Andijon mashinasozlik instituti rektori.
O‘zA