Malaka oshirish tizimi yanada takomillashadi
Xalq ta’limi vazirining topshirig‘iga asosan Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti direktori tomonidan Toshkent viloyati malaka oshirish hududiy markazi faoliyati o‘rganildi.
Tadbir davomida hududiy markazning moddiy texnik bazasini yaxshilash va ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan tavsiyalar berildi.
A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti direktori A.Radjiyev ilmiy-tadqiqot faoliyatini kuchaytirish, malaka oshirish tizimini tubdan yangilash bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan joriy yil 25 yanvarda qabul qilingan “Xalq ta’limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini amaliyotga joriy etish yuzasidan viloyatlarda o‘rganishlar olib bormoqda.
Malaka oshirish hududiy markazlari faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, tizimni takomillashtirish, kontentlar mazmunini butunlay yangilash malaka oshirish sohasini yangi tartibda joriy etishda chora tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib kelmoqda. Mazkur o‘rganishlar Toshkent viloyatida davom etdi.
Viloyatning hududiy malaka oshirish markazi faoliyati, o‘quv kurslari kontent mazmunining yangilanganligi, yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi. Markazning kafedra mudirlari va bo‘lim boshliqlari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda malaka oshirish tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha bugungi kungacha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar haqida so‘z bordi. Kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Toshkent viloyati malaka oshirish xududiy markazida respublika va xalqaro miqësida xalq ta’limi tizimi xodimlari uchun turli tadbirlar, uchrashuvlar konferensiyalar va seminar-treninglar o‘tkazish uchun sharoit yaratilishi bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, amaliyotga joriy etilayotgan «Uzluksiz kasbiy ta’lim» maxsus elektron platformasi faoliyatini yuritish, malaka oshirish tashkilotlari bilan birgalikda qayta tayyorlash, malaka oshirish kurslari o‘quv modullari kontentini markazlashtirilgan tarzda ishlab chiqish va platformaga kiritish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
B.Meliqulova, O‘zA