Maktablarga o‘zbek adabiyoti to‘plamlari sovg‘a qilindi
"Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi tomonidan “Milliy tiklanish javoni” loyihasiga start berildi. O‘zbek tili va milliy adabiyotini keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilayotgan ushbu aksiya doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengash deputatlari hamda partiya faollari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 20 ga yaqin maktablarga jami 2 mingdan ortiq o‘zbek tilidagi o‘quv va badiiy adabiyotlarni taqdim etish rejalashtirilgan.
Aksiyaning birinchi bosqichida Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi qozoq va koreys, Parkent tumanidagi qirg‘iz hamda Oqqo‘rg‘on tumanidagi turkman tiliga ixtisoslashgan maktablarga badiiy kitoblar to‘plami topshirildi. Shuningdek, Toshkent shahrining Mirobod va Yakkasaroy tumanlaridagi rus tiliga ixtisoslashgan maktablarga ham o‘zbek milliy adabiyoti to‘plamlari sovg‘a qilindi.
Aksiya davomidagi uchrashuvlarda partiya faollari ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, yoshlar orasida mutolaa madaniyatini rivojlantirish orqali ularning ta’lim-tarbiyasini mustahkamlash, ma’naviyatini boyitish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, partiya tomonidan ham o‘zbek milliy adabiyotini keng targ‘ib qilish borasida ko‘plab loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda. Zero, kitobxonlik insonlarni ezgulikka, yaxshilikka yetaklaydi, ma’naviyatini yuksaltiradi.
Maktablarda o‘tkazilgan dastlabki aksiya doirasida o‘zbek milliy adabiyoti targ‘ibotida faollik ko‘rsatgan o‘qituvchi va o‘quvchilarga partiyaning esdalik sovg‘alari topshirildi.
M.Komilova, O‘zA