Maktablarda birinchi qo‘ng‘iroq chalindi (+video)
5 sentyabr erta tongdan respublikamizning barcha maktablarida birinchi qo‘ng‘iroq ovozi yangradi. Davlatimiz rahbarining keng qamrovli islohotlari natijasi o‘laroq yurtimizda qator ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda, ta’mir talab maktablar qaytadan rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilmoqda.
Bugun yangi o‘quv yilini boshlagan bolajonlar uchun maktablarda bilimlar kuni tadbirlari, shuningdek, “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida mustaqillik darslari o‘tkazildi.


5 sentyabr kuni ta’til davomida yangi kuch va g‘ayratga to‘lib qaytgan o‘quvchi yoshlar, shuningdek, maktabga ilk bor qadam qo‘ygan bolajonlar ham bilim dargohida ta’lim olishni boshlab yubordilar.
O‘zA ijodiy jamoasi Toshkent shahar Yangihayot tumani Xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 330-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, tadbir shodiyonasi, turli chiqishlar va mustaqillik darslari guvohi bo‘lishdi.


Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, mazkur maktab 2020 yil yangidan qurib, foydalanishga topshirilgan. Yangi sport zal, kimyo-biologiya va laboratoriya xonalari, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan kompyuter xonalariga ega ushbu maktab joriy yil 210 nafar o‘quvchini qabul qildi.
Birinchi qo‘ng‘iroq chalinishi barcha o‘quvchilarga o‘zgacha kayfiyat taqdim etdi, deyish mumkin. Tadbir chog‘ida ilk qo‘ng‘iroq katta hayotga qadam qo‘yayotgan bolajonlarga ilk muvaffaqiyatlar olib kelishiga ishonch bildirildi.


330 maktabda bu yil jami 6 ta birinchi sinf o‘qishni boshladi. O‘quvchilar uchun maktabdagi birinchi dars mustaqillik darslari bo‘ldi. Bolajonlarga mamlakatimiz osoyishtaligi, xalq tinchligi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmuni tushuntirildi.
Yurt ravnaqi, kelajagimiz farovonligini ta’minlashda aynan, o‘quvchi yoshlar a’lo baholarga o‘qimog‘i ayni muddao bo‘lishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4O2avQ_QJjY" title="Maktablarda birinchi qo‘ng‘iroq chalindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA