Maktablar o‘quvchilar bilan fayzli bo‘ldi
Bugun erta tongdan bilim olish ishtiyoqida jonajon ta’lim dargohi tomonidan yo‘lga chiqqan o‘g‘il-qizlarning yuzlarida o‘zgacha hayajonni ko‘rish mumkin.
Toshkent viloyatidagi 876 umumta’lim maktabida 521 ming 300 nafar o‘quvchi “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri bilan darslarni boshlandi. Joriy o‘quv yilida 54 ming 800 nafar bolajon 1-sinfga qadam qo‘ydi. Ularga sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.


Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Chirchiq shahridagi 19-umumta’lim maktabida bo‘lib, o‘quvchilarga Prezident sovg‘alarini taqdim etdi. Shu bilan birga, 360 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasining ochilish marosimi o‘tkazildi. Hududda investitsiya davlat dasturi bo‘yicha 24,1 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 990 o‘rinli umumta’lim maktabi va 13 milliard so‘m mablag‘ga maktabgacha ta’lim tashkiloti yangidan qurilib, zamonaviy jihozlar, so‘nggi rusumdagi axborot texnologiyalari bilan jihozlandi.


“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda yoshlarning iste’dod va qobiliyati, ezgu intilishlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish hamda hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgani ta’kidlab o‘tildi.
Qolaversa, o‘quvchilarga maktab davrida yaxshi o‘qib, vaqtdan unumli foydalanish muhimligi haqida suhbat qilindi. Chet tillarni o‘rganish, kompyuter texnologiyalari va aniq fanlarni chuqur o‘rganish lozimligi alohida qayd etildi. Shundan so‘ng qo‘ng‘iroq chalindi va sinflarda darslar boshlandi.


A.Musayev, O‘zA.