Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi tashkil etiladi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Parij shahrida YUNESKO tashkiloti Bosh direktori Hoshim Al-Anani bilan uchrashdi.
Tadbir doirasida Toshkentda YUNESKO shafeligidagi II-toifali “Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi”ni tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Ushbu tashabbus 2025-yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilish marosimi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan edi.

Osiyo va Tinch okeani mintaqasida ilk bor tashkil etilayotgan ushbu markaz maktabgacha ta’lim sohasidagi islohotlarni xalqaro tajriba va ekspertiza bilan qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekistonni erta yoshdagi ta’lim sohasida mintaqaviy “xab” sifatida shakllantiradi.

Uchrashuv davomida Bosh direktor Hoshim Al-Anani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning YUNESKO bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini alohida ta’kidlab, davlat rahbarining xalqaro ta’lim, madaniyat va fan sohasidagi tashabbuskorligini yuksak baholadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA