Maktabgacha ta’lim tashkilotiga press-tur
2022 yilni Yangi hayot tumani "Marhamat" MFY aholisi o‘zgacha quvonch bilan kutib olgani bor gap.
Chunki shu vaqtgacha ushbu hududda maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lmagan. Mahalla hududida 49 sonli DMTT to‘liq qurib bitirilib foydalanishga topshirildi. Endi mahalla hududida joylashgan ko‘p qavatli binolarda yashayotgan fuqarolar farzandlarini uzoq hududdagi muassasaga emas aynan ushbu maktabgacha ta’lim muassasasiga olib boradi.

Yangihayot tumani hokimligi tomonidan jurnalistlar uchun ushbu muassasaga press-tur tashkil etildi. Unda MTT mudirasi Shahnoza Normurodova tomonidan ta’lim va tarbiya maskani tanishtirildi.

– Ikki yildan buyon "Marhamat" MFY da yashaymiz, – deydi Mastura Yo‘ldasheva. – Farzandimni qaysi muassasaga berar ekanman, deb rosa bosh qotirganman. Xususiy bog‘chalar narxi biroz qimmatlik qilgandi. So‘ng ushbu muassasa ochilganini eshitib xursand bo‘ldim. To‘ng‘ich farzandimni hozir ushbu muassasaga berganman. Narxlari yomon emas, sharoitlari zamonaviy srtandartlarga to‘la javob beradi. Bizga ma’qul kelgani yangi jamoa bo‘lsada tajribali pedagog kadrlar jamlangan. Kichik farzandim hali ikki yoshda. U ham bog‘cha yoshiga yetsa, hech ikkilanmasdan ushbu muassasaga beraman.

Yangi foydalanishga topshirilgan muassasa 400 o‘rinli bo‘lib, unda 15 ta guruh mavjud. Tarbiyalanuvchilarga 8 nafar pedagog xodim, 17 nafar tarbiyachi va 15 nafar tarbiyachilarning yordamchisi, 10 nafar texnik xodim ish yuritmoqda.
– Pedagogika sohasida 27 yillik tajribaga egaman, – deydi tarbiyachi Nigora Nazarxonova. – Bolaning begonasi bo‘lmaydi. Shuning uchun bola tarbiyasini zimmasiga olish mas’uliyatli ish. Doim o‘zimda ana shu mas’uliyatni his qilib ishlayman. Ijtimoiy tarmoqlarda bolalarni kaltaklagan, igna sanchgan tarbiyachilarning videolariga ko‘zim tushadi. Shu sohada uzoq yillardan buyon faoliyat yuritayotgan xodim sifatida ayta olaman, ana shunday nomaqul ishlarni qilgan tarbiyachini nafaqat qonun oldida jazolash va balki tizimdan chetlatish kerak. Tarbiyachi, avvalo, bolalarni sevishi, kasb mas’uliyatini his qilishi kerak.

Ma’lumot o‘rnida, Yangihayot tumanida 22 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritadi. Tuman matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, hududda bog‘cha yoshidagi bolalar 10 ming 763 nafarni tashkil etadi. Shundan qariyb 60 foiziga yaqin bolalar ta’limga jalb etilgan.
D.Mamatova, O‘zA