Maktab va universitet hamkorligi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda maktablar va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti Rus tilshunosligi kafedrasi Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 191-sonli umumta’lim maktabi bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
2025-2026 o‘quv yili davomida mazkur hamkorlik doirasida o‘quv, ilmiy-uslubiy, ma’naviy-ma’rifiy va kasbga yo‘naltirish ishlari amalga oshirildi. Bu jarayonda o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, pedagoglarning kasbiy mahoratini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratildi.

– Hamkorlik doirasida kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan sintaksis, orfografiya, frazeologiya va nutq madaniyati bo‘yicha mahorat darslari hamda ochiq mashg‘ulotlar tashkil etildi, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti Rus tilshunosligi kafedrasi katta o‘qituvchisi Fayzilat Maqsudova. – Interfaol metodlar o‘quvchilarning rus tiliga qiziqishini oshirish, tanqidiy fikrlash va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishda samara bermoqda.

O‘quv yili davomida davlat tili kuni, Konstitutsiya kuni, Vatan himoyachilari kuni, shuningdek, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Ayniqsa, Turkmanistondan kelgan talabalar ishtirokida tashkil etilgan “Turkmaniston. Turkman xalqining milliy an’analari va urf-odatlari” mavzusidagi uchrashuv o‘quvchilarda madaniyatlararo muloqot va bag‘rikenglik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.

Shu bilan birga, 191-sonli maktab o‘qituvchilari xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etib, o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Universitet professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda qo‘shma ilmiy maqolalar tayyorlandi. Kafedra magistrantlari esa iqtidorli o‘quvchilar uchun onlayn qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazib kelmoqda.
– Eng muhimi, bunday hamkorlik maktab va universitet o‘rtasidagi uzviy aloqani mustahkamlab, o‘quvchilarning kelajakda kasbini ongli tanlashi, pedagoglarning ilmiy salohiyatini oshirish hamda har tomonlama barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilmoqda, – deydi F. Maqsudova.

Darhaqiqat, mazkur tajriba “maktab – oliy ta’lim muassasasi” integratsiyasi ta’lim sifati va tarbiya samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Nilufar Bozorova, O‘zA