Maktab va bog‘chalarga chiqindi konteynerlari yetkazib beriladi
Mamlakatimizda sanitariya va ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qilmoqda. Xususan, hududlarda chiqindilarni to‘plash va tashish tizimini takomillashtirish maqsadida qo‘shimcha infratuzilma yaratish ishlari izchil davom etmoqda.
Zamonaviy maxsus chiqindi idishlariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, sanitar tozalash korxonalari hamda davlat muassasalariga yangi konteynerlar yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa chiqindilarni saralash, to‘plash va o‘z vaqtida olib chiqish jarayonlarini ancha samarali tashkil etish imkonini bermoqda.

Bugungi kunga qadar sanitar tozalash korxonalariga lizing asosida 650 million so‘mlik 100 ta chiqindi konteyneri yetkazib berilgan. Qo‘shimcha ravishda, korxonalar mablag‘lari hisobidan yana 170 ta konteyner xarid qilingan. Umumiy hisobda 270 ta yangi konteyner joriy etildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi konteynerlar joriy qilinishi natijasida ayrim hududlarda chiqindi yig‘ish qamrovi 20–30 foizga oshgan. Bu esa atrof-muhit musaffoligi va sanitar holat yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.

Kelgusida esa maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari va sog‘liqni saqlash tashkilotlarini ham bosqichma-bosqich chiqindi konteynerlari bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Bu orqali ijtimoiy ob’ektlarda sanitariya madaniyatini yanada yuksaltirish maqsad qilingan.
Qayd etish lozimki, bunday chora-tadbirlar nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlaydi, balki aholida chiqindilarga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirishga ham xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA