Maktab va bog‘chalar kuz-qish mavsumiga tayyormi?
Hademay kuz fasli eshik qoqadi. Ayni kunlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik avj pallada.
Xo‘sh, bugun maktab va bog‘chalarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? Quyosh panellari hamda elektr tejovchi qurilmalardan foydalanish borasida olib borilayotgan ishlar qoniqarlimi?
Mazkur savol yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova quyidagicha javob berdi.
– Hozirda yurtimizda 10 ming 118 ta maktab mavjud bo‘lib, ulardan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 14 ta, Andijon viloyatida 36 ta, Buxoro viloyatida 118 ta, Jizzax viloyatida 46 ta, Qashqadaryo viloyatida 80 ta, Navoiy viloyatida 74 ta, Namangan viloyatida 84 ta, Samarqand viloyatida 116 ta, Surxondaryo viloyatida 132 ta, Sirdaryo viloyatida 48 ta, Toshkent viloyatida 66 ta, Farg‘ona viloyatida 156 ta, Xorazm viloyatida 108 ta hamda Toshkent shahrida esa 19 ta maktabga quyosh panellari o‘rnatilgan, – deydi Dilfuza Sobirova. – Shuningdek, 2 ming 107 ta davlat Maktabgacha ta’lim muassasalarida quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 511 ta quyosh panellari va 100 ta suv isitish qurilmalari o‘rnatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, joriy yilda 2 ming 229 ta Maktabgacha ta’lim muassasalari va 2 ming 335 ta maktabda lokal isitish tizimlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish belgilangan.
Bugungi kunga qadar mahalliy hokimliklar tomonidan 968 ta yoki belgilangan rejaga nisbatan 45 foiz Maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda 593 ta yoki belgilangan rejaga nisbatan 25,4 foiz maktablarning qozonxonalari ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirildi.
Ayni paytda mazkur rejaga kiritilgan ta’lim muassasalarida lokal isitish tizimlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish bo‘yicha tegishli vazirlik, tashkilotlar hamda mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda zaruriy ishlar amalga oshirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi,
O‘zA