Maktab kutubxonasiga yangi kitoblar topshirildi
Umumta’lim maktablaridagi shart-sharoitlarni yaxshilash, o‘quv jarayonini yanada samarali va zamonaviy asosda tashkil etish, ta’lim tizimining yangi qiyofasini shakllantirish, o‘quvchilarning iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli namoyon etishlariga ko‘maklashish maqsadida “Yuksalish” harakati tomonidan “Ziyoli kelajak” loyihasi amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida mazkur loyiha doirasida “Yuksalish” harakati Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan homiy tashkilotlar ko‘magida o‘zbek yozuvchilari hamda jahon adabiyotining durdona asarlaridan iborat 42 nomdagi 100 nusxaga yaqin badiiy kitoblar Buloqboshi tumanidagi 25- umumta’lim maktabi kutubxonasiga topshirildi.


Kitoblarni topshirishga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar bu kabi xayrli tashabbuslar mamlakatimizda yosh avlodni bilimli, yuksak salohiyatli bo‘lib kamol topishiga yaqindan yordam berishini ta’kidladi.

– Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, shubhasiz, yosh avlodning bilimli va ma’rifatli bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiladi. Chunki kitob o‘qib ulg‘aygan bola kelajak bunyodkori, jamiyat ravnaqining tayanchiga aylanadi. “Ziyoli kelajak” loyihasi davlat va xususiy tuzilmalar, fuqarolik jamiyati hamda ko‘ngillilarni birlashtirib, mamlakatimizda ta’lim tizimining yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu tashabbus yurtimizning turli hududlaridagi maktablarda ta’lim sifati va bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam bermoqda, – deydi “Yuksalish” harakati Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Diyorbek Turg‘unov.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.