Maktab bog‘laridan daromad olsa bo‘ladimi?
Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy qilingan “Yashil makon” loyihasi nafaqat ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yangi bosqichga chiqardi, balki yurtimiz bog‘larida sarxil noz-ne’matlar yetishtirish imkoniyatini kengaytirmoqda. Farg‘ona tumani qir-adir hududidagi Mindonobod qishlog‘ida joylashgan 33-umumta’lim maktabida shunday manzaraga guvoh bo‘ldik.
- Bundan uch yil oldin “Yashil makon” loyihasi doirasida maktabimiz hududidagi 70 sotix maydonda intensiv olma bog‘i tashkil qildik, - deydi maktab direktori Mahbuba Mansurova. - Bog‘dorchilik sohasi mutaxassislari bilan maslahatlashib, iqlimimiz va yerimizga mos keladigan 1250 tup olma ko‘chatlarini payvand usulida o‘tkazdik. Bog‘bonimiz Abdusoli akaning mirishkorligi tufayli, mana, bugun umid bilan ekkan olma ko‘chatlarimiz biz kutganimizdan ham ziyod miqdorda, 5 tonnadan ortiq hosil berdi. 3 sotixli issiqxonamizdagi 30 tupga yaqin limonning serhosilligi ham ko‘zimizni quvontirmoqda.
[gallery-20368]
Maktab rahbarining ta’kidlashicha, olma va limondan olinadigan daromad ilg‘or o‘qituvchilar va a’lochi o‘quvchilarni rag‘batlantirishga, ehtiyojmand oilalarning farzandlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Bu jarayon mazkur maktabda ta’lim sifati yaxshilanishida ham muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA