Maktab bitiruvchilari zamonaviy kasblarga bepul o‘qitiladi
Andijonda umumta’lim maktablarining bir guruh bitiruvchilariga IT sohasida bepul o‘qish imtiyozini beruvchi sertifikatlar topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tasarrufidagi Andijon Yoshlar texnoparki hamda Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, hamkorlik doirasida umumta’lim maktablari bitiruvchilari bandligi ta’minlash, ularni IT sohasida zamonaviy kasblarga o‘rgatish maqsadida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, o‘tgan yili amalga oshirilgan «Zamonaviy kasblarni bepul o‘rganamiz» loyihasida ishtirok etgan o‘quvchilar orasidan 60 nafar maktab bitiruvchisi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan edi. Andijon shahridagi Yoshlar texnoparkida ularga 3D modellashtirish, robototexnika, grafik dizayn va dasturlash yo‘nalishlari bo‘yicha bepul o‘qish imtiyozini beruvchi sertifikatlar topshirildi.
Tadbirda Andijonda IT sohasini rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda yosh, malakali kadrlar tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, viloyatning tuman va shaharlarida «Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari» tashkil etilganligi, shuningdek, barcha tuman va shaharlarda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda “Digital-School” tashkil etilganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbir tashkilotchilari tomonidan maktab bitiruvchilari uchun ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, yangi zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilayotganligi aytib o‘tildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA