Makron tez orada yangi Bosh vazirni tayinlaydi
Fransiya siyosati yana burilish arafasida. Prezident Emmanuel Makron 48 soat ichida yangi Bosh vazir tayinlanishini ma’lum qildi. Bu qaror mamlakatda hukumat inqirozi va parlamentdagi kelishmovchilik asnosida qabul qilinmoqda.
Yelisey saroyi xabariga ko‘ra, amaldan ketayotgan hukumat boshlig‘i Sebasten Lekornyu davlat rahbari bilan uchrashib, missiyasi yakunlanganini bildirgan. U televideniye orqali chiqishida “barqaror siyosiy yo‘l topish mumkin”ligini aytgan, biroq yangi nomzod haqida hech qanday ma’lumot bermagan.
Lekornyu parlament tarqatilishi haqidagi mish-mishni inkor etib, “210 nafar deputat barqarorlik platformasini qo‘llab-quvvatlamoqda”, deya bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Makronga yangi Bosh vazir tayinlash uchun siyosiy poydevor yaratadi.
Hukumat yetakchisi, shuningdek, yangi byudjet loyihasi dushanba kuni parlamentga taqdim etilishini ma’lum qilarkan, hujjat “mukammal bo‘lmasa-da, kelishuvga yo‘l ochadi” deya qo‘shimcha qildi.
27 kunlik faoliyati bilan Lekornyu Fransiya tarixida eng kam muddat ishlagan Bosh vazir sifatida tarixga kirdi. “Lavozimni burch sifatida qabul qildim. Harakat qildim, lekin hammasini uddalay olmadim,” — dedi u “Fransiya-2” telekanaliga.
Musulmon Ziyo, O‘zA