Majburiy ijro byurosi tadbirkorga zarar yetkazdi(mi?).
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xuzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonida (Biznes-ombudsman) Enter Yengineering Pte.Ltd kompaniyasining Majburiy ijro byurosining Chilonzor tumani bo‘limi tomonidan noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytarib berilmayotganligidan norozi bo‘lib yozgan murojaati o‘rganildi.
Aniqlanishicha, MIB Chilonzor tuman bo‘limi tomonidan
qo‘zg‘atilgan ijro ishi bo‘yicha Enter Yengineering Pte.Ltd kompaniyasi tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan qarzdorlik ixtiyoriy to‘lash muddatida to‘lab berilmaganligi sababli 420 124 086,12 so‘m miqdorida ijro yig‘imini undirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan va mazkur summa jamiyat hisob raqamidan to‘liq undirib olingan.
Biroq kompaniya majburiy ijro byurosining ushbu qaroridan norozi bo‘lib ma’muriy sudga murojaat qilgan va Toshkent tumanlaro ma’muriy sudining hal qiluv qaroriga asosan byuroning Enter Yengineering Pte.Ltd kompaniyasidan ijro yig‘imini undirish bilan bog‘liq harakatlari g‘ayriqonuniy deb topilgan.
Shuningdek, sud qaroriga ko‘ra, MIB Chilonzor tuman bo‘limi sud ijrochisining ijro yig‘imlarini undirish to‘g‘risidagi tegishli qarori haqiqiy emas deb topilgan bo‘lishiga qaramasdan kompaniyaning undirilgan ijro yig‘imini qaytarishni so‘rab qilgan murojaatlari byuro tomonidan rad qilib kelingan.
Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorning murojaatini o‘rganish natijalariga ko‘ra da’vogar – Enter Yengineering Pte.Ltd foydasiga javobgarlar – MIB Chilonzor tumani bo‘limi va Toshkent shahar bo‘yicha G‘aznachillik boshqarmasidan 420 124 086,12 so‘m miqdorida zarar undirish haqida Toshkent shahar sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Toshkent shahar iqtisodiy sudining 2021 yil 13 avgustdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra Biznes-ombudsmanning da’vo arizasi to‘liq qanoatlantirildi va kompaniya foydasiga 420 124 086,12 so‘m zarar undirilishi belgilanib, tadbirkorlik sub’ektining sarson bo‘lishiga chek qo‘yildi.
Alibek KARIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Biznes-Ombudsman
devoni bosh inspektori
O‘zA