Maishiy gaz ballonlaringiz xavfsizmi?
Surxondaryo viloyatidagi maishiy gaz ballonlarni ta’mirlash va sinovdan o‘tkazish sexlarida yaroqlilik muddati o‘tgan va “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialining shahar, tuman bo‘limlari omborxonalarida saqlanayotgan ta’mirtalab maishiy gaz ballonlar sinovdan o‘tkazilib, jo‘mrak moslamalari almashtirilmoqda. Bu ish iste’molchilarning suyultirilgan gazdan foydalanishida xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Viloyatda 475 ming 209 iste’molchi suyultirilgan gazdan foydalanadi. Filial hisobida 535 ming 922 ta maishiy gaz ballon bor. Iste’molchilarga mavjud gaz ballon bilan "aylanma" usulda xizmat ko‘rsatiladi.

Mutaxassislarning aytishicha, belgilangan me’yorga ko‘ra, gaz ballonlar besh yilda bir marta bosim ostida sinovdan o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Sinash jarayonida gaz ballon bosimga dosh bermasa, tashqi ko‘rinishi ko‘zdan kechirilganida nuqson aniqlansa, bu gaz ballonlar foydalanish uchun yaroqsiz hisoblanib, ta’mirlanadi. Ballonlar bosim ostida sinovdan o‘tgach, ularning pasportiga yana besh yil foydalanish mumkinligi haqida maxsus belgi qo‘yiladi.

Vohadagi “Muzrabot” gaz to‘ldirish inshootining maxsus sexi bir kunda 40 tagacha maishiy gaz ballonni sinovdan o‘tkazish quvvatiga ega. O‘tgan qisqa vaqtda bu yerda 990 ta gaz ballon sinovdan o‘tkazildi. Xavfsizligi ta’minlanib, foydalanishga chiqarildi.
–Gaz ballondan samarali, xavfsiz foydalanishning ham o‘z tartib-taomillari bor,–deydi “Muzrabot” gaz to‘ldirish inshooti rahbari Azizbek Rahmatullayev.– Suyultirilgan gaz to‘ldirilgan ballon maxsus transport vositasida hududlardagi iste’molchi xonadonigacha olib borilishini barcha yaxshi bo‘ladi. Afsuski, ayrim iste’molchilarning sabri chidamay bo‘shagan ballonni yerda dumalatgan holda transport vositamiz to‘xtagan joyga olib boradi. Bunday holatda qattiq yo‘lga, toshga urilgan ballon lat yeb, tashqi ko‘rinishiga zarar yetadi. Jo‘mragi ishdan chiqadi yoki muddatidan oldin yaroqsiz holga kelib qoladi. Bunday iste’molchilarga xodimlarimiz gaz ballondan foydalanishning tartiblarini chuqur tushuntirishiga qaramay, odatidan voz kechishi vaqt talab etmoqda. Shu bois mijozlarning suyultirilgan gaz ballonni ehtiyot qilib, undan to‘g‘ri foydalanish madaniyatini oshirishga harakat qilyapmiz.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 15 mingdan ortiq maishiy gaz ballon sinovdan o‘tkazilib, qayta foydalanishga topshirildi. Ularning orasida hali sinov muddati kelmaganlari ham borligi ayrim iste’molchilarning hanuz maishiy gaz ballonlardan belgilangan qoidalarga amal qilgan holda foydalanmayotganidan darak beradi.
Aslida gaz ham, suyultirilgan yoqilg‘i to‘ldirilgan gaz ballon ham umummilliy mulk. Gaz ballonlar iste’molchiga tegishli shartnoma asosida foydalanish uchun beriladi. Xonadonga yetkazib berilayotgan suyultirilgan gazdan tejab, gaz ballondan esa ehtiyotkorlik bilan to‘g‘ri foydalanish bu turdagi yoqilg‘ini oqilona sarflash, turli ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish va ularni ta’mirlash bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni kamaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri