Mahsulotlar Yevropa va Amerikaga eksport qilinmoqda
Jizzax viloyati Forish tumanidagi “Basalt Uzbekistan” klasteriga press-tur tashkil etildi.
“Basalt Uzbekistan” klasteri mamlakatimiz og‘ir sanoati qudratini yuksaltirish, murakkab ish va iqlim sharoitlarida tabiiy boyliklarni samarali o‘zlashtirish hamda tarmoqni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab klasterning bugungi imkoniyatlari, korxona faoliyatining besh yil avvalgi holati va hozirgi yutuqlari bilan yaqindan tanishtirildi.
Ushbu yirik klaster tashkil etilishiga asos bo‘lgan ilk zavodda dastlab tog‘ bag‘ridagi toshlardan inson soch tolasidan 5 barobar ingichka bo‘lgan noyob bazalt kimyoviy tola ishlab chiqarila boshlagan.
Davlatimiz rahbari 2024-yil 8-aprel kuni korxonaga tashrifi chog‘ida bazalt mahsulotlarining afzalliklarini tadbirkorlarga tushuntirish, ularning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish, shuningdek, tashqi bozorga chiqishni yanada faollashtirish, 500 million dollarlik, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan 20 turdagi yangi loyihalarni joylashtirish, natijada qo‘shimcha 2 mingta ish o‘rni yaratish bo‘yicha mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berdi.
[gallery-17024]
– Bazalt tolasi yuqori korroziyaviylik va kimyoviy chidamlilikka ega, temir mahsulotidan 50 foizga arzon, 4 baravar yengil va 3 baravar mustahkam, issiq va sovuqqa bardoshliligi chidamli, – deydi “Basalt Uzbekistan” kompaniyasi bosh direktori Azim Abdusattorov. – Shu bois mazkur xomashyodan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar kommunal xo‘jaligi, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, neft-gaz va boshqa tarmoqlarda keng qo‘llaniladi.
Bugungi kunda klaster tizimida 6 ta korxona faoliyat yuritadi. Ular Germaniya, Fransiya, Italiya, Chexiya kabi davlatlardan keltirilgan eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Ayni paytda 1 ming 700 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlagan.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, hamma toshdan ham bazalt tolasi chiqmaydi, sifatli mahsulot olish uchun xomashyo juda yupqa kimyoviy birikmaga ega bo‘lishi zarur. Forish tumani Osmonsoy konidagi bazalt kareri ming yil oldin vulqon otilishi natijasida hosil bo‘lgan toshlardan tarkib topgan. Shuning uchun ham bunday tola ishlab chiqaruvchi zavodlar sanoqli. “Basalt Uzbekistan” hozircha dunyo bo‘yicha beshinchi, Markaziy Osiyoda esa yagona korxonadir.
Loyihani ishga tushirishdan avval olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida ushbu konda umumiy bazalt toshlari mavjud maydoni hajmi 5 million kubni tashkil etishi aniqlangan. Bu esa korxonaning juda katta xomashyo zaxirasiga egaligini tasdiqlaydi.
Bugungi kunda klaster tomonidan yiliga 177 ming tonna bazalt toshidan maxsus tola hamda boshqa 42 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan yili 45 ming tonna 554 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlangan bo‘lib, ularning 80 foizi AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilingan.
– Yevropa bozorlarini muvaffaqiyatli zabt etishimizning ikki muhim omili bor, – deydi “Basalt Uzbekistan” kompaniyasi tijorat direktori Temur Mamadaminov. – Birinchisi, bu davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlovi ostidagi islohotlar samarasi. Ya’ni O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar dasturiga qabul qilinganidan so‘ng ko‘pgina eksportyor korxonalar qatori biz uchun ham dunyoning rivojlanlangan davlatlariga keng yo‘l ochildi. Mahsulotlarimiz boj to‘lovisiz eksport qilinmoqda. Keyingi omil har yili Fransiyada o‘tkaziladigan an’anaviy “Jec World” – qurilish materiallari va kimyoviy mahsulotlar namoyishiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazmada qatnashib, kompaniya faoliyati targ‘ib qilinmoqda.
Bundan tashqari, xorijiy buyurtmachilar O‘zbekiston bazalti tarkibida yuqori qiymatli elementlar mavjudligini ilg‘ashgan. Shu bois oradagi masofa qanchalik olis bo‘lmasin, AQSH, Angliya, Italiya kabi davlatlarga har oy mahsulot jo‘natilayotgani qayd etildi.
Press-tur davomida jurnalist va blogerlar klasterga qarashli “Ecobasalt group” va “Geobasalt products” korxonalariga tashrif buyurib, “O‘zsanoatqurilishbank”ning moliyaviy madadi bilan xarid qilingan ilg‘or texnologiyalar ishini kuzatdi. Mutaxassislardan mahalliy miqyosda bazaltni keng qo‘llash istiqbollari xususida fikr oldi.
– Albatta, mahsulotlardan o‘zimizda ham ko‘proq foydalanishni istaymiz, – deydi “Basalt Uzbekistan” kompaniyasi bosh direktori Azim Abdusattorov. – Bu bilan xavfsizlik, tejamkorlik va atrof-muhit barqarorligini saqlashda yana bir muhim qadam qo‘yiladi. Shuning uchun loyihachi, quruvchi, umuman, bazalt mahsulotlarini ishlatuvchi soha vakillarini o‘qitishga qaratilgan ilmiy markaz tashkil etish niyatidamiz.
Shuningdek, kompaniyaning joriy yilgi rejalari qatoridan bozor talabidan kelib chiqib bazalt direkt roving va matosini ishlab chiqarishni kengaytirish ham o‘rin olgan. “O‘zsanoatqurilishbank” ko‘magida amalga oshiriluvchi loyiha kelgusi yil ishga tushadi. Natijada yiliga 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, uning 90 foizi eksportga yo‘naltiriladi.
Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Jizzax bank xizmatlari ofisida brifing o‘tkazildi. Unda bankning viloyatdagi tarmoqlari tomonidan tumanlardagi tadbirkorlarning muammolarini hal qilish va faoliyatini kengaytirish, bangga biriktirilgan mahallalardagi lider tadbirkorlar bilan izchil ishlab, ular orqali aholi daromadini oshirish va bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Moliyalashtirilayotgan loyihalar taqdimot qilindi. Joriy yilda yirik korxonalar hamda kichik va o‘rta biznes subyektlari loyihalariga jami 300 milliard so‘mlik kredit ajratilib, buning hisobiga 15 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratilishi ma’lum qilindi. Brifingdan so‘ng jurnalistlar bank ofisida mijozlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari