Mahoratli shaxmatchimiz Biloliddin Obidov jahon chempionati peshqadami
Gruziyaning Batumi shahrida 8-12 yoshli shaxmatchilar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatida 12 yoshlilarning «A» guruhida iqtidorli yosh shaxmatchimiz Biloliddin Obidov o‘z guruhida yetakchilikni davom ettirmoqda.
Kecha o‘tkazilgan 5-tur bahsida Biloliddin Obidov Said Abdul Xader bilan kuch sinashdi. Qizg‘in kurashlarga boy kechgan uchrashuvning 59-yurish holatida hamyurtimiz hind shaxmatchisiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va g‘alabani tantana qildi.

37 ta davlatning 288 nafar yosh shaxmatchilari qatnashayotgan chempionatda 8 yoshlilarning «B» guruhida hamyurtimiz Abdurahmon Rajabov 4-tur holatida 3 ochko bilan 8-o‘rinni, 10 yoshlilar musobaqasining «B» guruhida dona surayotgan Hasan Akramov 2,5 ochko bilan 11-o‘rinni egallab turibdi.


Jahon birinchiligining qizlar musobaqalarida qatnashayotgan shaxmatchilarimizdan Husnora Husniddinova 12 yoshlilar orasida 3,5 ochko jamg‘argan holda 5-o‘rinda, Mumtozbegim Sobirova 10 yoshlilar o‘rtasida 3 ochko bilan 8-qatorda, 8 yoshli qizlar musobaqasida ishtirok etayotgan Farzonabonu Bozorova 3 ochko bilan 9-o‘rindan joy olib turibdi.
Chempionat 3 iyulga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA