Mahmud Tarobiy xalq qahramoni
Mahmud Tarobiy oddiy kosib, hunarmand oilasida Buxorodan uch farsax naridagi Torob qishlog‘ida tavallud topgan. XIII asr boshlarida mo‘g‘ullar istilosi va zulmi xalqni qiyin ahvolga solgan bir davrda Mahmud Tarobiy qalbida ularga nisbatan nafrat tuyg‘ulari tobora avj oladi. Vatan qismati yurtdoshlar dardi, ularning quvonchiga sherik bo‘lish ishtiyoqi Mahmudning dilidagi eng yorqin orzu edi.
Xurosonlik muarrix va yirik davlat arbobi Alauddin Atomalik Juvayniy (623/1226–681/1283) qalamiga mansub «Tarixi jahongushoy» («Jahon Fotihi tarixi») asari qator Sharq mamlakatlarining XII–XIII asrlardagi tarixini o‘rganishda eng ishonchli va mukammal manbalardan sanaladi. Buxorodan uch farsax naridagi Tarob qishlog‘ida, Juvayniyning aytishicha, dehqonlar, hunarmandlar majlislar o‘tkazar, o‘yin-kulgi, bazmi jamshid qilar ekanlar. Xuddi shu majlislarda ular mo‘g‘ul xonlari, dorug‘alari, bosqoqlari zulmidan bir-birlariga shikoyatlar qilib, o‘zlarining mashaqqatli hayotlari xususida ham mulohaza yuritgan bo‘lsalar ajab emas. Bu majlislarda Mahmud Tarobiy degan elakchi xalqning yuragidagi dardlarni aytib, uning ko‘ngliga cho‘g‘ tashlaydi, xalq unga ixlos qo‘yadi, ishonadi.
1238 yili Buxoro vohasida qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Mo‘g‘ul istilochilari hamda mahalliy boylarning zulmi bu yerda yashovchi xalqning suyagiga pichoq bo‘lib qadaldi. Mahmud Tarobiy ushbu qo‘zg‘olonga boshchilik qiladi.

Mahmud Tarobiy ta’limotida yangi qonun-qoidalar yo‘q edi, lekin shunga qaramay, ravshanki, bu ta’limot oddiy xalq tushunadigan shaklda bo‘lib, shu xalq manfaatiga qaratilgan, ya’ni uning bosh maqsadi Buxoroda chingiziylar istibdodiga barham berishdan iborat edi. Qo‘zg‘olonchilar «buyuk Yaso» acosidagi mo‘g‘ul davlati va arkoniga qarshi chiqqanlar. Xalq qo‘zg‘olonining acosiy shiori «istilochilar hokimiyati yo‘qolsin» degan yagona ma’noni ifodalar edi. Mahmud Tarobiy o‘z oldiga chingiziylar hokimiyatini yo‘q qilish va «olamni» ko‘chmanchi-istilochilar iskanjasidan ozod etishdek muhim siyosiy vazifani qo‘yadi. Bu kurashda u yolg‘iz emas, tarafdorlari behisob edi. Mahmud Tarobiy Buxoroda eski, sulton Muhammad Xorazmshoh zamonasidagi tartiblarni joriy etmoqchi bo‘lgan. U o‘zini bekorga «sulton» deb e’lon qilmagan. Shunisi qiziqki, ortidan ergashgan xaloyiq uni «yaxshi sulton» deb atagan. Darvoqe, bu davrda xalq ommasi hokimiyatning podsholikdan bo‘lak shaklini taklif etishi mumkin bo‘lmagan.

Mahmud Tarobiy safdoshlari orasida aqoid ilmi olimi Shamsiddin Mahbubiy birmuncha yorqin, yirik siymo edi. U Mahmud Tarobiyning ozodlik g‘oyasini faol qo‘llab-quvvatladi. Mahmud Tarobiy harakatining muvaffaqiyati ko‘p jihatdan Shamsiddin Mahbubiy nomi bilan bog‘liq. Mahmud Tarobiyning Shamsiddin Mahbubiy bilan tanishib, u bilan hamkorlik qilishi qo‘zg‘olon yo‘lboshchisi uchun yangidan-yangi imkoniyatlarni ochib berdi: Mahmud Tarobiyning ozod hayot haqidagi fikri qurolli kurashni boshlash kerak, degan qat’iy qarorga aylandi.

Buxoro atroflaridan odamlar guras-guras kelib, uning safiga qo‘shila boshladi. Birpasda lak-lak lashkar to‘plandi, bu lashkar yomon qurollangan bo‘lsa-da, lekin ona tuproqni kelgindi istilochilardan tozalashga kat’iy bel bog‘lagan vatanparvar kishilar edi.
Mahmud Tarobiy Buxoroni mo‘g‘ul bosqinchilaridan tozalagach, peshvolariga o‘z nomini sulton sifatida xutbaga qo‘shib o‘qitadi. «Xalifa», «Sulton» unvonlarini joriy etish bilan Mahmud Tarobiy Buxoro bundan buyon mustaqil ekanligini, mo‘g‘ul xonlariga itoat qilmasligini ta’kidlaydi.

Mahmud Tarobiy eng mashaqqatli kunlar hali oldinda ekanligini yaxshi bilardi. Yaqin orada Mahmud Yalavoch boshchiligida Xo‘janddan behisob mo‘g‘ul bosqinchilari Buxoroga kelishiga aqli yetardi. U yana shuni biladiki, shahardan qochgan Buxoroning «ulug‘ zotlari» qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatmaydilar, qanday qilib bo‘lsa ham boy berilgan hokimiyatni qaytarib olishga urinadilar. Darhaqiqat, shahardan qochgan amirlar, bosqoqlar, sadrlar Karmanada shoshilinch kuch to‘plab, mo‘g‘ul bosqoqlarini ishga solib, jangga hozirlik ko‘rar edilar.
Karmana yaqinidagi jangda Mahmud Tarobiy halok bo‘ladi. Ushbu jangda uning do‘sti Shamsiddin Mahbubiy ham halok bo‘ladi.
Qo‘zg‘olonchilar Mahmud Tarobiyning o‘rniga uning ikki ukkasi Muhammad bilan Alini bosh qilib ko‘taradilar. Afsuski, Muhammad bilan Ali Mahmud Tarobiy boshlagan ishni poyoniga yetkaza olmadi. Xo‘janddan kuchli qurollanib kelgan mo‘g‘ullar qo‘zg‘olonchilarni mag‘lub qilishadi shu tariqa Mahmud Tarobiy boshlab bergan xalq qo‘zg‘oloni mag‘lubiyatga yuz tutadi.

Garchan Tarobiy qo‘zg‘oloni uqadar uzoq davom etmagan bo‘lsada o‘z tabiati jihatidan XIII asrdagi O‘rta Osiyo xalqlarining mustaqillik uchun kurashi tarixida alohida o‘rin tutadi.
Mahmud Tarobiy o‘z xalqining mustaqilligi yo‘lida, ularni mo‘g‘ul istilochilari zulmidan ozod bo‘lishi uchun o‘z jonini fido qildi. Tarobiy yo‘l boshchiligidagi qo‘zg‘olon xalqimizni qullik, qaramlik asoratga soluvchi mo‘g‘ul istilochilariga qarshi olib borilgan ozodlik kurashi tarixida yorqin o‘chmas iz qoldirdi.
–Mustaqilligimizga bir yil to‘lgani Toshkent shahrida “Mustaqillik maydoni”da nishonlanganligini eslayman, – deydi Buxoro viloyati Jondor tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ra’no Rahimova. –
Shunda bayram sahnasiga birinchi bo‘lib Mahmud Tarobiy kirib keldi. U “Men yurtimni shunday ozod, mustaqil ko‘rishni qanchalar orzu qilgan edim. Bugun avlodlarim ana shunday sharafga muyassar bo‘lganliklari bilan baxtiyorman, –dedi.
Mahmud Tarobiyning orzusiga erishgan yurtdoshlari uning nomini abadiylashtirishni o‘zlarining insoniylik burchlari deb bilishadi. Bugun, Buxoro viloyatidagi ko‘pgina tumanlarda jumladan, u tug‘ilib o‘sgan Jondor tumanida Mahmud Tarobiy nomidagi ko‘chalarning borligi, tumandagi madaniyat saroyi va tuman markazidagi vatanparvarlik bog‘ining Mahmud Tarobiy nomi bilan atalishi unga bo‘lgan yuksak ehtirom namunasidar. Shuningdek professor Raxim Vohidovning “Qasoskorning nomi barhayot” asari, Oybekning “Mahmud Tarobiy” dostoni, 2021 yilda Buxoro davlat universiteti dotsenti Azalshox Hamroyev, Buxoro muhandislik texnologiya instituti o‘qituvchisi Mavluda Rahmonovalar muallifligida “Mahmud Tarobiy – xalq qahramoni” kitob-albomning yaratilganligi uning xotirasiga yana bir karra xalqning hurmat e’tiboridir.
Mahmud Tarobiy siymosi aks etib, bugun tuman markazidagi vatanparvarlik bog‘ida haykaltarosh Qurbon Norxo‘rozov tomonidan bunyod etilgan haykalning qad rostlab turgani esa yoshlarimizga vatanparvarlikning o‘lmas timsolini anglatib turadi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA