Mahalliy mahsulotlar namoyishi
Xorazm viloyati Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida “Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi” o‘tkazildi. Unda turizm sohasi uchun to‘qimachilik mahsulotlari, transport va logistika, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi texnikasi, mebelsozlik sanoati sohalari uchun mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar ishtirok etdi.
Yarmarkada respublikadan 1200 tadan ortiq korxona, shu jumladan, 75 ta tarmoq va 1128 ta hududiy korxonalar ishtirok etmoqda. Ulardan 210 ta korxona stendlarda o‘z mahsulotlarini namoyish qildi. Yarmarkaning ochilishida viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov ishtirok etdi. Ko‘rgazma pavilonlaridan joy olgan mahalliy sanoat korxonalarida ishlab chiqarlgan mahsulotlar bilan tanishdi, tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘ldi.
[gallery-13674]
– Mazkur yarmarka investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi raqamli transformatsiyalar markazi hamda Xorazm viloyati hokimligi hamkorligida muntazam o‘tkazib kelinmoqda, – deydi Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi bosh mutaxassisi Og‘abek Eshchanov. – Ushbu tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad mamlakatimizda yirik korxonalar va kichik biznes vakillari o‘rtasida sanoat kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirishdan iborat. Shuningdek, mahalliylashtirish va sanoat mahsulotlarining hududdagi ishlab chiqarilishini yanada rivojlantirishga qaratilgan.
Yarmarkaning birinchi kunida “O‘zto‘qimachiliksanoat” va “O‘zcharmsanoat” uyushmalari tomonidan taqdimotlar, o‘rta va kichik bo‘g‘indagi tadbirkorlar uchun master-klass tadbirlari o‘tkazildi.
– Bizning kichik korxonamizda turli idora va tashkilotlarda mehnat qilayotgan erkaklar va ayollar uchun 50 turdagi maxsus kiyimlar ishlab chiqariladi, – deydi Urganch shahridagi “Miss Lora” xususiy korxona rahbari Bunyod Ollaberganov. – O‘tkazilayotgan yarmarkada yaratilgan sharoitdan foydalanib yirik korxonalar bilan shartnoma tuzishga va katta miqdordagi buyurtma qabul qilishga erishdik. Bu kabi tadbirlar, albatta, biz kabi tadbirkorlar faoliyatining yanada rivojlanib, kengayishiga muhim omil bo‘ladi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA