Mahallamizni yashil makonga aylantiramiz
Jilvon” mahalla fuqarolar yig‘ini Buxoro viloyati Shofirkon tumani markazidan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan. 594 ta xonadon, 751 ta oiladan iborat mahallada 3 ming 129 kishi istiqomat qiladi. Geografik jihatdan viloyatning shimoli Qizilqum cho‘lining pastki qismi Jilvon etagida joylashgan. Hudud yozning jaziramasini, garmselini, qishda esa kuchli izg‘irinni birinchi bo‘lib qarshilaydi. Tuprog‘i cho‘llanishga moyil-qum va shag‘aldan iborat.
Dala-dehqonchilik ishlarida ayniqsa, mavsum jarayonida suv tanqisligi sezilib, aholi va fermer xo‘jaliklari yerlaridan ko‘zlangan hosilni yetishtirishda muammolar mavjud. Suv tanqisligi sababli aholi tomorqa yerlarida meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish qiyinchilik tug‘diradi. Bu muammo ayni damda aholi tomorqa yerlari yetarlicha bo‘lishiga qaramasdan hosildorlik va iqtisodiy samaradorlik o‘ta past. Ishsizlik ko‘rsatkichi yuqori darajada qolmoqda. Xo‘sh muammoga yechim bormi? Jilvonga qachon suv yetib keladi.

Suv tanqisligi muammosi ayniqsa, Yangi Jilvon qishlog‘ining Fayziobod va Zahkashbo‘yi ko‘chalarida istiqomat qilayotgan 80 dan ortiq oilalarning 30 gektar, shuningdek, bir nechta fermer xo‘jaliklarining 50 gektarga yaqin yer maydonlarini sug‘orishda yaqqol seziladi. Bu hudud “Jilvon” kanali, Guliston arig‘i (7 km)dan suv ichishi kerak. Biroq 15-20 yildan buyon suv yetib kelmaydi. Natijada mevali va manzarali daraxtlar qurib, chorva ozuqa ekinlari ham jiddiy talofot ko‘rmoqda.
Mazkur muammolarga yechim topish maqsadida “Jilvon” mahalla fuqarolar yig‘ini Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga “Mahallamizni yashil makonga aylantiraylik” loyihasini taqdim etdi. Mazkur loyihadan maqsad “Jilvon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududini kesib o‘tuvchi Shimoliy Shofirkon ochiq zovurida suv nasosi o‘rnatish, shu orqali dala-dehqonchilik ishlarida, ayniqsa, mavsum jarayonida suv tanqisligini bartaraf etish edi.

–Loyihamiz komissiya tomonida ko‘rib chiqildi, – deydi mahalla faoli Bobomurod Qayumov. – Natijada g‘oliblikni qo‘lga kiritdik. Endi mahallamiz hududiga ham suv keladigan bo‘ldi. Bundan aholi juda ham xursand. Chunki ko‘p yillar davomida hududimizda suv tanqisligi mavjud edi. Ekilgan ko‘chatlar qurib qolardi. Suv bahonasida e’lon qilingan “Yashil makon” loyihasi doirasida aholimiz faollik bilan qatnashmoqda. Hududimizda mevali manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Maqsadimiz mahallamizni yashil makonga aylantirish.
Qiymati 60 million so‘m bo‘lgan mazkur loyiha g‘olib deb topildi. Shimoliy Shofirkon ochiq zovurida suv nasosi o‘rnatilishiga erishildi. Natijada suv tanqisligi bartaraf etildi.

–Hududimiz aholisining tomorqalarini sug‘orishdagi muammolari ijobiy yechim topdi, – deydi “Jilvon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Sobir Ergashev. – Endi hududimiz “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtiriladi. Bu bizning oldimizdagi asosiy maqsadimiz. Xonadonlarimizdagi tomorqalardan ham samarali foydalanishadi. Turli mevali, manzarali ko‘chatlarni ekish bilan birga sabzavot mahsulotlarini yetishtiramiz. Bozorlarimizni mahsulotlardan to‘ldirishda o‘z hissamizni qo‘shamiz.

Zarif Komilov, O‘zA